Havo ustunligi zamonaviy urushlarda tobora hal qiluvchi omilga aylanmoqda. Bu 2026-yil mart-fevral oylaridagi Afg‘oniston-Pokiston to‘qnashuvida aniq namoyon bo‘ldi. Shuningdek, 2025-yil oktyabrida ham ko‘zga tashlangan edi. Shu paytda Pokiston havo kuchlari samarali tarzda Afg‘oniston havo hududini nazoratga olib, Tolibonning ushbu sohada mavjud bo‘lgan jiddiy zaif tomonlarini ko‘rsatib qo‘ydi. Shunday vaziyatda Tolibon yaqin kelajakda havo salohiyati va havo mudofaa tizimlarini rivojlantirishga intilishi mumkin. Biroq, hozirgi cheklovlar ostida uchuvchisiz boshqarish tizimlarini rivojlantirishga ustuvorlik bermoqda. Bu esa ehtimol uning mudofaa cheklovlariga vaqtinchalik va taktik javob bo‘lib xizmat qiladi.
Afg‘onistonda havo kuchlarini rivojlantirish Sovet Ittifoqi bilan chambarchas bog‘langan. 1950-yillarda Sovet Ittifoqi yordami bilan Bagram aviabazasi qurilib, mamlakat aviatsiya infratuzilmasining asosiy bo‘lagiga aylangan edi. 1979–1989-yillardagi urush davomida Afg‘oniston armiyasi va havo kuchlari asosan Sovet Ittifoqi tomonidan qurollantirilgan va tayyorlangan.
2001-yil 11-sentabr voqealari va AQSh boshchiligidagi kuchlarning Afg‘onistonga kirib kelishidan so‘ng, Hamid Karzay boshchiligidagi yangi hukumat tuzildi. Yangi hukumat harbiy texnika va yordamni ameriklardan ola boshladi. Yigirma yil o‘tib, AQSh kuchlarining to‘liq chiqib ketishidan so‘ng, taxminan 7,2 milliard dollarlik harbiy aktivlar, jumladan, taxminan 78 ta samolyot Tolibon qo‘liga qoldi.
Afg‘oniston-Pokiston mojarosi
Afg‘onistonda beqarorlikni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri Tehrike Toliban Pokiston (TTP) faoliyati hisoblanadi. U Pokistonda o‘z hokimiyatini o‘rnatishni maqsad qilgan va Afg‘oniston-Pokiston munosabatlaridagi asosiy taranglik manbalaridan biridir. Islomobod Tolibonni TTPni qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi. Lekin afg‘on tomoni esa bu da’volarni rad etib kelmoqda. TTP jangarilari Durand chizig‘ining ikkala tomonida ham faoliyat yuritgani sababli Pokiston Afg‘onistonning Xost, Paktia va Nangarhor viloyatlarida bir necha havo zarbalari uyushtirdi. Afg‘onistonning harbiy zarbalar berishi ortidan qurolli to‘qnashuvlar uzviy davom etmoqda. Pokiston kuchlari 22-fevral kuni Nangarhor va Paktika viloyatlariga havo zarbalarini amalga oshirishi oqibatida, o‘nlab odamlarning halok bo‘lishi va jarohatlanishi kuzatildi. Kobul va Qandahor shaharlariga qo‘shimcha havo zarbalari berilishi vaziyatni yanada keskinlashtirdi va tomonlar o‘rtasidagi inqirozni chuqurlashtirdi.

2025-yil oktyabr oyidagi nizoli to‘qnashuv, ayniqsa, Afg‘onistonning Pokistonga nisbatan zaifligini yaqqol ko‘rsatdib qo‘ydi. Pokiston maxsus kuchlari Kobulda TTP rahbari Nur Ali Mahsudga aloqador transport vositasini nishonga olgan holda havo zarbasi uyushtirdi. Garchi Mahsud omon qolgan bo‘lsa-da, bu hodisa Afg‘onistonda havo hududini samarali himoya qilish imkoniyati deyarli yo‘qligini isbotladi. Shuningdek, bu yagona holat emas. Al-Qoida rahbari Ayman az-Zavahiriy 2022-yilda Kobulda AQSh dron hujumi natijasida o‘ldirildi.
Tolibon taktikasi
Xalqaro izolyatsiya tufayli Tolibon Afg‘oniston havo hududini himoya qilish uchun barqaror havo mudofaa tizimini yaratolmayapti. O‘n yillik mojarolar va terrorchi tashkilotlarning mavjudligi xalqaro hamjamiyatni juda ehtiyotkorlikka yetaklayapti. Bu esa 2021-yildan buyon Afg‘onistonda hokimiyatda turgan Tolibonning harbiy sohasiga sarmoya kiritilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bundan tashqari havo salohiyatini rivojlantirishni cheklayotgan yana bir muhim omil shundaki, mavjud uchoqlarning aksariyati AQShda ishlab chiqarilgan va ularga zaruriy texnologiyalar, ehtiyot qismlar va texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud emas. Yangi samolyotlarni sotib olish esa imkonisiz. Chunki, bir tomondan bunga tayyor uchoqlarni yetkazib beruvchi davlatlar yo‘q bo‘lsa, ikkinchi tomondan Afg‘oniston bunday xarajatlarni qoplash uchun yetarli iqtisodiy salohiyat yo‘q.
Natijada, Tolibon havo hujumlariga javoban Pokiston chegarasi bo‘ylab quruqlik taktikalarini qo‘llamoqda. Bunda quruqlik kuchlari va zirhli bo‘linmalar chegara bo‘ylab jalb qilinmoqda. Bu kabi yondashuv vaqtincha va samarasiz yechim sifatida ko‘riladi. Aynan shunday qiyinchiliklar Tolibonning havo salohiyatini dron tizimlari orqali kengaytirish zarurligini yanada mustahkamladi.
Dronlar hayotiy yechim
Afg‘oniston dronlar sektorini rivojlantirish uchun bir nechta tuzilmaviy sharoitlarga ega. Mamlakat o‘n yillik mojarolar tufayli NATOning sobiq bazalaridan qolgan infratuzilma va muhim muhandislik texnik tajribani to‘plagan. Shuningdek, uzoq davom etgan urush sababli dronsiz tizimlarni yig‘ish va o‘zgartirishga qodir harbiy muhandislar zaxirasini tashqi yordamisiz yaratdi. Shu bilan bir qatorda, afg‘on rasmiylari, xususan, ta’lim vaziri zamonaviy havo mudofaa salohiyatini rivojlantirish uchun mahalliy mutaxassislarni tayyorlash zarurligini bir necha bor ta‘kidladi.

Shu kunlarda Tolibon mahalliy dron ishlab chiqarishni faol rivojlantirmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, dronlarni yig‘ish ishlari sobiq AQSh harbiy bazasi joylashgan Kobul atrofidagi “Camp Phoenix”da amalga oshirilmoqda. Sinovlar esa ilgari Britaniya kuchlari foydalanadigan Laxor viloyatidagi maydonda o‘tkazilmoqda. Dastur Turkiya, Xitoy, Rossiya va Eron tajribasiga tayanilmoqda, deb aytiladi. Bu harakatlar, taxminan to‘rt yil oldin boshlangan va “Dinit Technology” nomli kompaniya orqali amalga oshirilmoqda. Kompaniya mutaxassislarni jalb qilish va GPS modullar, motorlar, parvoz boshqaruvchilari hamda sensorlar kabi fuqarolik darajasidagi komponentlarni qora bozor va kontraband tarmoqlari orqali harbiy maqsadlarda moslashtirish uchun sotib olmoqda. Xabarlarga ko‘ra, dastur dronlarni taqqoslash uchun AQShning MQ-9 Reaper va Eronning Shahed-136 uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanmoqda. Afg‘oniston 2025-yil dekabrda radardan yashirinish qobiliyatiga ega dronni sinovdan o‘tkazgani aytilmoqda. Avvalroq, Tolibon 2022-yilda 70 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladigan “Mobin” dronini taqdim etgandi. Qayd etish joizki, Tolibon kamikadze dronlariga alohida qiziqish bildirmoqda. Bu holat 2026-yil yanvarida Doha mudofaa ko‘rgazmasida namoyish etilgan Turkiyaning “Roketsan” tizimlariga e'tibor berishida yaqqol ko‘rinib qolgan edi.
Afg‘oniston iqtisodiyoti ommaviy dron ishlab chiqarishga yaroqli bo‘lmasa-da, hukumat baribir ushbu ustuvor yo‘nalishga katta byudjet resurslarini ajratishi mumkin. Bu holat “Sut o‘rniga qurol” (Guns vs Butter) tarixiy mantiqiga o‘xshash tarzda, afg‘on yondashuvi ijtimoiy-iqtisodiy xarajatlarni qisqartirish evaziga harbiy xarajatlarni oshirishga asoslangan “sut o‘rniga dronlar” modeliga aylanishi mumkin.
Xavf va chaqiriqlar
Talibonning mahalliy dron salohiyatini yaratishga intilishi qisman so‘nggi yillarda Afg‘oniston havo makonining tashqi kuzatuvlari kuchaytirilganligi bilan bog‘liq. Mavjud hisobotlarga ko‘ra, xorijiy uchuvchisiz uchish apparatlari muntazam ravishda Qunduz va Vardak viloyatlari, shuningdek, Panjshir va Kapisa hududlarida kuzatilgan. Shuningdek, 1-yanvar kuni MQ-9 Reaper droni Kobuldan taxminan 40 kilometr uzoqlikda, Vardak viloyatining hududiga qulagani xabar qilindi. Ushbu uchuvchisiz apparat AQShga tegishli deb hisoblangan.
Mintaqada AQSh dronlarining asosiy vazifasi havo kuzatuvi va al-Qoida hamda ISHID kabi terror harakatlarini nazorat qilish bo‘lib, Vashington ularga nisbatan terrorizmga qarshi operatsiyalar ko‘rinishida davom ettirmoqda. Bundan tashqari, havo va dron imkoniyatlarini kengaytirish va bunday texnologiyalarning terror tashkilotlariga tarqalishi ehtimoli jiddiy xavfni yuzaga keltiradi. Masalan, 2026 yil yanvarida TTP ichki yig‘ilishida o‘zining “havo kuchlari” bo‘linmasini tuzganini e'lon qilgan edi. TTP jangarilari 2025-yili dronlardan Pokistonga qarshi hujumlarda foydalangan edi. Ushbu voqealar Afg‘onistonda dron texnologiyalarining yanada harbiylashuvi va tarqalishi bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro xavotirlarni kuchaytirdi.
Xulosa
Havo kuchlari va mudofaa salohiyatlari Afg‘onistonning eng zaif xavfsizlik komponenti bo‘lib qolmoqda. AQShning havo patrullari va Pokiston bilan davom etayotgan qarama-qarshilik Tolibonning quruqlik kuchlari va uzoq vaqt harakatlanadigan portlovchi uchuvchisiz tizimlarga o‘tishini tezlashtirdi. Eron va Rossiya ushbu sohada potensial hamkorlar sifatida maydonga chiqishi mumkin. Chunki ularning xalqaro izolyatsiyasidagi holati Afg‘onistonni harbiy-texnik hamkorlik uchun istiqbolli maydon, deb ko‘rishga undashi mumkin. Lekin Rossiyaning Ukrainadagi harakati va Eronning Yaqin Sharq bo‘ylab AQSh ittifoqchilari bilan keskinliklari qisqa muddatda bunday hamkorlikning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Shu bilan birga, Afg‘onistondagi terrorchi tashkilotlarning mavjudligi mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik uchun yanada jiddiy chaqariq bo‘liq qolmoqda.
Islomxon Gafarov ‒ siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Progressiv islohotlar markazida siyosiy tahlilchi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya univeristeti katta o‘qituvchisi. Toshkent, O‘zbekiston
Saidakbar Shamsiev ‒ Progressiv islohotlar markazi tadqiqotchisi. Toshkent, O‘zbekiston.