Bugungi kunda xalqaro munosabatlar tizimida mediatorlik vazifasini bajaruvchi davlatlar soni tobora ortib bormoqda. Tarixan neytrallik siyosatini faol ravishda olib borgan Shveytsariya va Jeneva shahri ko‘plab xalqaro muzokaralar va diplomatik kelishuvlar uchun an’anaviy muloqot maydoni sifatida shakllangan. So‘nggi yillarda esa Qatar poytaxti Doha, shuningdek ayrim arab va islom mamlakatlari G‘arb davlatlari bilan institutsional aloqalarni mustahkamlash orqali xalqaro siyosiy jarayonlarda vositachilik rolini faol o‘z zimmasiga olib kelmoqda. Shuningdek, Istanbulning mediatorlik maskani sifatida oldinga chiqishida Turkiyaning Sharq va G‘arb mamlakatlari bilan pragmatik va muvozanatli diplomatik aloqalarni olib borayotgani muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, Hindistonning ham Rossiya, Xitoy, AQSH, Yaponiya va Yaqin Sharq davlatlari bilan parallel diplomatik va savdo aloqalarni rivojlantirishi uni potensial mediator davlat sifatida ko‘rsatadi.
Shu nuqtada bir savol tug‘iladi: O‘zbekiston ham mintaqaviy va xalqaro darajada mediatorlik rolini bajarishga qodir davlat sifatida maydonga chiqishi mumkinmi?
Tarixiy asoslar
O‘zbekistonning mediatorlik salohiyatini uzoq muddat davomida shakllangan strategik yo‘nalishining natijasi deyishimiz mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va xalqqa qilgan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda mamlakat global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda. Ushbu yondashuv O‘zbekiston tashqi siyosatining konstruktivlik, muloqotga ochiqlik va institutsional diplomatiyaga tayangan modelga bosqichma-bosqich o‘tayotganini ko‘rsatadi. Shu ma’noda, O‘zbekistonning mediatorlik roli tasodifiy tashabbuslar mahsuli emas, balki tarixiy tajriba, institutsional xotira va geosiyosiy muhitni hisobga olgan holda shakllangan barqaror siyosiy amaliyotning natijasidir.
Mamlakat hali Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan davridayoq xalqaro miqyosda mediatorlik maskani sifatida tanila boshlagan. 1966-yilda Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvdan so‘ng tinchlik muzokaralarining aynan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi va “Toshkent deklaratsiyasi”ning imzolanishi ushbu hududni global diplomatik tarixga olib kirgan muhim voqea bo‘ldi. Bu jarayon Toshkentni betaraf va ishonchli muloqot maydoni sifatida shakllantirgan dastlabki yirik tajriba sifatida qaraladi. Mustaqillikdan keyingi davrda ham O‘zbekiston ushbu diplomatik merosni izchil davom ettirdi. Xususan, 1999-yilda Afg‘oniston bo‘yicha BMT tashabbusi ostida tashkil etilgan “6+2” guruhi doirasidagi Toshkent uchrashuvlari, keyinchalik Afg‘oniston masalasiga oid xalqaro konferensiyalar mamlakatning xavfsizlik masalalarida muloqot maydoni sifatidagi roli mustahkamlandi.
Bundan tashqari O‘zbekiston mintaqalararo bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan uchrashuvlarni tashkil qilishda ham yetarli tajribaga ega. Xususan, 2021-yil 15–16-iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: Mintaqaviy bog‘liqlik. Muammolar va imkoniyatlar” nomli xalqaro konferensiya Ushbu tadbir Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarini yagona diplomatik maydonga jamlab, siyosiy muloqot, iqtisodiy integratsiya, transport yo‘llari va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini kompleks tarzda muhokama qilish imkonini berdi. 2025-yilda Termiz shahrida o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti” esa ushbu g‘oyalarni real siyosiy va iqtisodiy hamkorlik darajasiga ko‘tardi.

2022-yil sentyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti O‘zbekiston diplomatiyasi tarixidagi eng muhim voqealaridan biri sifatida tarixga kirdi. Ushbu sammit Rossiya-Ukraina urushi fonida global siyosiy keskinlik kuchaygan, G‘arb va Sharq o‘rtasidagi munosabatlar chuqur qarama-qarshilik bosqichiga o‘tgan bir sharoitda bo‘lib o‘tdi. Aynan shunday vaziyatda Rossiya, Xitoy, Hindiston va Pokiston kabi yirik geosiyosiy aktorlarning bir diplomatik maydonda jamlanishi Shanxay Hamkorlik Tashkilotini aloqalarni saqlab qolishga qodir kam sonli platformalardan biriga aylantirdi. Sammit doirasida Eronning to‘laqonli a’zolikka qabul qilinishi hamda tashkilotning kengayish istiqbollari muhokama qilingani SHHTning xalqaro siyosiy nufuzini yanada oshirdi. Shu jihatdan, Samarqand sammiti O‘zbekistonni nafaqat mezbon davlat, balki global siyosiy taranglik sharoitida Sharq va G‘arb o‘rtasida muloqotni ta’minlay oladigan ishonchli diplomatik markaz sifatida tanitdi.
Darhaqiqat, 2025-yil O‘zbekiston uchun xalqaro diplomatik faollikning yuqori bosqichi bo‘ldi. Mazkur yil mamlakatning nafaqat mezbonlik salohiyatini, balki amaliy mediatorlik imkoniyatlarini ham namoyon etdi. Xususan, 2025-yil 31-mart kuni Tojikistonning Xo‘jand shahrida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi uzoq yillik ziddiyatlarni yumshatishga qaratilgan kelishuvning imzolanishi O‘zbekistonning muloqot orqali murosaga erishish qobiliyatini amaliy jihatdan tasdiqladi. Mazkur jarayon 2025-yil oktyabr oyida Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan Farg‘ona Tinchlik Forumi bilan mantiqan davom ettirilib, mintaqaviy muloqotni yanada tizimli asosga ko‘chirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, 2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi, 15–16-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvi hamda 30-oktyabrdan 13-noyabrgacha Samarqand shahrida tashkil etilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi O‘zbekistonning jahon miqyosdagi nufuzini yangi pog‘onaga olib chiqdi.
Geosiyosiy va madaniy ustunliklar
Oʻzbekistonning mediator sifatida shakllanishida geografik omil ham katta ahamiyatga ega va ushbu omil mamlakatning tashqi siyosiy salohiyati bilan bevosita bogʻliqdir. Oʻzbekiston Yevroosiyo makonining markaziy qismida – Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub yoʻnalishlari kesishadigan hududda joylashgan. Ushbu holat mamlakatni tabiiy tranzit va muloqot makoniga aylantiradi hamda uni sunʼiy yaratilgan diplomatik platformalardan koʻra, geografik jihatdan asoslangan vositachilik markazi sifatida namoyon etadi.
Mazkur geografik ustunlik Oʻzbekistonni yirik transport va infratuzilma loyihalarining tabiiy boʻgʻiniga aylantirmoqda. Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi (Oʻrta yoʻlak), Xalqaro Shimol–Janub transport koridori hamda Trans-Afgʻon koridori kabi loyihalar mamlakatni Sharqiy Osiyo, Yevropa, Yaqin va Janubiy Osiyo bilan bogʻlovchi strategik kesishma nuqtasiga aylantiradi. Shu bilan birga, “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi integratsiya jarayonlari Oʻzbekistonning global savdo-logistika tizimidagi oʻrnini mustahkamlamoqda. Natijada, mamlakat nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy-geografik jihatdan ham muloqot va bogʻliqlik markaziga aylanib bormoqda.
Oʻzbekistonning madaniy va sivilizatsion merosi mediatorlik salohiyatini mustahkamlovchi muhim yumshoq kuch manbai hisoblanadi. Samarqand, Buxoro va Xiva Buyuk Ipak yoʻli davridan boshlab turli xalqlar, madaniyatlar va savdo yoʻnalishlari tutashgan makon sifatida shakllanib, tarixan muloqot, bagʻrikenglik va madaniy almashinuv markazi boʻlib kelgan. Bugungi kunda ushbu shaharlar nafaqat tarixiy-sivilizatsion ramz, balki Oʻzbekistonning xalqaro imidjini kuchaytiruvchi amaliy omillardan biridir. Xususan, UN Tourism maʼlumotlariga koʻra, 2025-yilda Oʻzbekiston dunyodagi eng tez rivojlanayotgan yetti turistik yoʻnalish qatoridan joy oldi, yilning oʻn bir oyi davomida mamlakatga 10,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu koʻrsatkich Samarqand, Buxoro va Xiva atrofida shakllanayotgan turistik va madaniy muhit mamlakatni faqat tarixiy markaz emas, balki xalqaro muloqotlar va norasmiy diplomatiya uchun qulay, ishonchli va neytral makon sifatida namoyon etmoqda.
Mintaqaviy xavfsizlik dinamikasi va O‘zbekistonning vositachilik istiqbollari
Soʻnggi yillarda Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasidagi Durand chizigʻi bilan bogʻliq keskinlik dolzarb muammolardan biriga aylandi. 2025-yil oktyabr oyida Doha shahrida oʻtkazilgan muzokaralarda tomonlar vaqtinchalik oʻt ochmaslikka kelishgan boʻlsa-da, ushbu kelishuv barqaror mexanizmga aylana olmadi. 2025-yil oktyabr–noyabr oylarida Istanbulda tashkil etilgan uchrashuvlar ham vaziyatni tizimli ravishda barqarorlashtira olmadi. 2026-yil 26-fevraldagi keng koʻlamli qurolli toʻqnashuvlar va Pokiston Mudofaa Vaziri Xoʻja Muhammad Osifning oʻz bayonotida “ochiq urush” iborasini tilga olganligi mojaroning jiddiy tus olayotganidan darak beradi.
Eʼtiborlisi shundaki, Afgʻoniston Oʻzbekiston bilan bevosita chegaradosh boʻlishiga qaramay, muzokaralar asosan Doha va Istanbul kabi mintaqadan tashqaridagi diplomatik markazlarda oʻtkazilmoqda. Bu holat mintaqaviy xavfsizlik masalasining geografik jihatdan boshqa platformalarga koʻchirilganini anglatadi. Zero, ushbu mojaroning hal etilishidan Oʻzbekiston ham manfaatdordir. Mintaqadagi barqarorlik darajasi Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi integratsiya jarayonlari bilan chambarchas bogʻliqdir. Afgʻoniston hududi orqali amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan transport va logistika tashabbuslari, xususan, Janubiy Osiyo portlariga chiqish strategiyasi aynan ushbu xavfsizlik muhitining barqarorligiga tayanadi. Shu bilan birga, Hayraton chegara punkti orqali amalga oshirilayotgan savdo va logistika aloqalari ham mintaqadagi vaziyatning izchilligini talab etadi.

Shu nuqtai nazardan, Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasida barqaror muloqotning shakllanishi nafaqat ikki davlat oʻrtasidagi keskinlikni kamaytiradi, balki kengroq mintaqaviy integratsiya jarayonlari uchun ham muhim shart boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekistonning har ikki tomon bilan saqlanib kelayotgan pragmatik diplomatik aloqalari – jumladan, 2026-yil 5–6-fevral kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga rasmiy tashrifi hamda Afgʻoniston bilan transport va energetika yoʻnalishlaridagi hamkorlik – mamlakatni muvozanatli va konstruktiv aktor sifatida namoyon etadi. Shu bois, 26-fevral voqealari fonida Oʻzbekiston ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni qayta tiklashga qodir maydon sifatida qaraladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston faqat Afgʻoniston masalasi bilan cheklanib qolmasdan, boshqa dolzarb xalqaro muammolarni muhokama qilishda ham mediator sifatidagi rolini kengaytirish imkoniyatiga ega. Xususan, Eron bilan bogʻliq masalalar, Falastin muammosi yoki yirik davlatlar oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar – AQSH, Rossiya, Xitoy hamda Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlar fonida Oʻzbekiston muloqotni taʼminlovchi bogʻlovchi koʻprik sifatida maydonga chiqishi mumkin.
Xulosa
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston mediatorlik salohiyatini mintaqaviy tajribalarga tayangan holda bosqichma-bosqich kengaytirmoqda. Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasidagi murakkab nizolarni hal etishda ekspert diplomatiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro amaliyotda Track 1.5 formatlari – rasmiy vakillar va mustaqil ekspertlar ishtirokidagi parallel muloqot shakli – koʻplab hollarda aql markazlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Masalan, Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamgʻarmasi hamda Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti qurol nazorati va xavfsizlik masalalarida ekspert darajasidagi muloqot platformalarini shakllantirib, rasmiy muzokaralar uchun tahliliy asos taqdim etib kelgan. Oʻzbekistonda mavjud aql markazlar salohiyati ekspert diplomatiyasini davlat diplomatiyasi bilan uygʻunlashtirish imkonini beradi. Shunday yondashuv mamlakatning mintaqaviy mediatorlik tajribasini kengroq diplomatik platformaga aylantirish uchun zarur institutsional asos boʻla oladi.