Skip to Content

Kennedi – eng yosh prezident

April 14, 2026 by
Bexzodbek Abduvoxobov

John F. Kennedi — AQSh va jahon siyosatida o‘chmas iz qoldirgan shaxs. U mamlakat tarixidagi eng yosh saylangan prezident (35-prezident) edi. Uning nomi ijtimoiy hayotdagi islohotlar, eng kam ish haqini oshirish, liberallashtirish siyosati hamda “Yangi marralar” siyosatini e’lon qilishi bilan bog‘liq.


Jon Kennedi 1917-yilda tadbirkor Jozef Kennedi oilasida, ikkinchi farzand bo‘lib tug‘ilgan. Uning otasi talabchan va qat’iy inson edi, aynan shu sifatlar Jek (Jonni shunday atashardi)ning keyingi rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Ularning oilasini “Katta oila” deb atash mumkin edi — aka-ukalar o‘rtasida otaning e’tibori uchun raqobat kuchli bo‘lgan, bu borada uning katta akasi Jozef-kichik ko‘proq muvaffaqiyat qozongan. Kennedilar xonadonida bir aytilmas qoida bor edi, unga ko’ra “Kennedilar har sohada birinchi bo’lish lozim edi”. Maktabda Jon o‘rtacha o‘qigan, ko‘p kasal bo‘lib, darslarni tez-tez qoldirgan. Keyinchalik u Garvard universitetiga o‘qishga kirib, a’lo baholarga o‘qidi va sport bilan shug‘ullandi. 1937-yilda yozgi ta’tilni Yevropada o‘tkazib, natsist Germaniyasi va Gitlerni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Shundan so‘ng siyosatga qiziqa boshladi. 1938-yilda otasi Buyuk Britaniyaga elchi etib tayinlandi. Bu vaqtda Nevill Chemberlen Bosh vazir edi. U tashqi siyosatda “Gitlerni tiyib turish” siyosatini yuritardi, 1938-yilgi Myunxen kelishuvidan keyin “Men bir avlodlik tinchlik olib keldim” deydi. Ammo tarixdan ma’lumki Kelishuv sezirarli biror bir yutuq olib kelmaydi, aksini olib Gitlerning keyingi harbiy kampaniyalariga turtki bo’ladi. 1939-yilda esa Jon bitiruv ilmiy ishini yozdi, keyinchalik bu asar “Nega Angliya uxlab qoldi” (“Why England Slept”) nomi bilan kitob sifatida nashr etildi. Aynan ushbu kitobda u Britaniya tashqi siyosatiga salbiy munosabat bildiradi. Kitob 30'000 nusxa sotilgan, ammo aksari otasi tomonidan sotib olingan degan da’volar bor.


1941-yil 7-dekabr Yaponiya imperiyasi Gavayi orollaridagi AQSh flotiga (Pearl Harbour) hujum qiladi, shundan so’ng Qoshma Shtatlar urushga kirdi. Urush boshlanganidan so‘ng Jek ko‘ngilli ravishda AQSh Harbiy-dengiz kuchlariga xizmatga bordi. U torpedali katerga qo‘mondonlik qildi. Tez orada yaponlar uning kemasini yakson qildi va aynan shu paytda Jek qahramonlik ko‘rsatib, barcha safdoshlarini qutqardi. U urushdan qahramon sifatida qaytdi va u “Binafsha yurak” ordeniga sazovor bo’ladi. Biroq uning akasi Jo-kichik Yevropada maxsus operatsiya davomida halok bo‘ladi. Shundan so‘ng otasining barcha umidlari Jekka qaratildi. 1947-yilda u Massachusets shtatidan Vakillar palatasiga a’zo bo‘ldi, aynan o’sha vaqt Jonda notiqlik san’ati namoyon bo’ladi. U “Nima gapirish muhim emas, qanday gapirish muhim” degan shiorga roya qiladi. 6 yildan keyin esa Demokratik partiyadan senatorlikga nomzodi qo’yiladi. Unga qarshi Respublikachilar tomonidan tajribali Kebot Lodj nomzodi qo’yiladi, shunga qaramay Jek g’alaba qozonadi. Sababi esa uni oldida ishonchli tayanch bo’lgan ukasi Robert Kennedi bo’ladi. Shundan so’ng Jon hokimiyatning eng cho’qqisi sari muhim qadam qo’yadi, ya’ni Amerikada WASP (White anglo-saxon protestants), ya’ni Yevropadan kelgan protestantlar elitasi shakllangan. Oq uy, Kongress, Senat, Wall Street, Pentagon, Federal Zaxira tizimi va h. kuch markazlari va barcha muhim sohalarda o’z hokimyatini o’rnatganlar. Jon Kennedi esa katolik cherkoviga mansubdir. AQSh tarixida barcha prezidentlar protestant bo’lishgan, va yana kamiga atiga 43 yoshda, shunga qaramay 1960-yilgi Prezident saylovlarida o’z nomzodini qo’yadi. Bu darajada yosh siyosatchini prezident bo’lishini hech kim qo’llamagan. Zero dunyoning eng qudratli mamlakatini taqdirini tajribasiz insonga berib qo’yish xavf tug’dirardi. Sovuq urush avjida edi, shuning uchun yoshi katta tajribali nomzod kerak edi. Jon Kennedi Demokratlar partiyasidan nomzodini qo’yish uchun avvalo partiya ichki saylovlarida g’alaba qozonishga majbur edi. Uning eng katta raqibi Xamfri edi. Ular o’rtasida bir qiziq voqea bo’ladi. G’arbiy Virjiniyani aholisining 95% protestant bo’lgan, Xamfri ushbu shtatda g’alaba qozonishiga ishonchi komil edi. Biroq Kennedilar aynan ushbu shtatni qolga kiritib, raqibni o’yindan chiqarish niyatida edilar. Aka-uka Kennedilar shunday namoyish ko’rsatadilar va Jek o’zining notiqlik san’atini maksimal ishlatib ommani lol qoldiradi. Ushbu yurishdan keyin Demakratlardan nomzod tayyor bo’ladi. Respublikachilar tomonidan esa Richard Nikson (keyinchalik AQSHning 37 prezidenti) nomzodligi qo’yiladi. Bu saylovlarda Jon Kennedi g’alaba qozondi. Bu ramziy ma’noga ega edi, chunki U XX asrda tavallud topgan birinchi AQSh prezidentiga aylandi va yangi davr kelganini yaqqol ko’rsatdi.

Uning prezidentlik davri Sovuq urushning yangi bosqichiga to‘g‘ri keldi. Saylovoldi va’dalaridan biri, Kubani inqilobchilardan ozod etib AQShning ta’sir doirasiga qaytarish edi. Gap shundaki, 1959-yil Kubada Kommunistlar Batista boshchilikdagi hokimyatni ag’darishadi. Kuba g’arbiy yarimsharda birinchi sotsialistik davlat bo’ladi. Rejim o’zg’arishi SSSRga qo’l keladi, birinchi navbatda Qo’shma Shatlarning g’arbdagi gegemoniyasiga chaqiruv bo’ldi. Endi Amerkaning tagida Sovetlarning fo’rposti paydo bo’ldi, aynan Kubaga keyinchalik SSSR yadroviy kallaklarni o’rnatadi. Bir davlatda inqilob bo’lishi butun Lotin Amerikasida “Domino effektini” hosil qilishi mumkin edi. Buni oldini olish uchun Jon Kennedi harbiy yo’l bilan bo’lsa ham Kuba ma’salasini hal qilishga majbur edi. 1961-yil 16-aprelda prezident “Sapata operatsiyasi”ni boshlashga ruxsat berdi. Fidel Kastro rejimiga qarshi Playa-Xironga (Cho‘chqalar qo‘ltig‘i) kubalik partizanlarni tushirilishi muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlandi va Kennedi javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi hamda Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) direktorini lavozimidan ozod etdi. Bu hodisa uning obro’siga putur yetkazdi. Sovetlar bilan murosa qilish uchun 1961-yil iyun oyida Vena shahrida SSSR rahbari N. Xrushchyov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ammo muzokaralar natijasiz yakunlandi. Xuddi shu yili Berlin devori qurildi va tom ma’noda Sovuq Urushning ramziga aylandi. 1963-yil Jon Kennedi Garbiy Berlinga tashrif buyuradi, u yerda tarixiy nutqini o’qiydi va Kennedining “Ich bin Berliner” (Men Berlinlikman) degan gapi kommunizmga qarshi qat’iy pozitsiyani namoyon etdi. 

Dunyo tinch emas edi. 1962-yil AQSh yadroviy raketalarini Italiya, G’arbiy Germaniya va Turkiyaga o’rnatadi. Turkiya va SSSR chegaradosh davlat bo’lishgan. Amerika raketalarining mavjudligi SSSRning G’arbiy qismiga, xususan Moskvaga to’g’ridan-to’g’ri tahdid edi. Bunga javoban Sovetlar Kubaga o’zlarining raketalarini tashishadi. 1962-yil kuzida U-2 razvedka samolyoti Kuba hududida sovet raketalarini aniqladi. Inqirozning eng keskin pallasi 1962-yil 22-oktabrda Kennedining televideniya orqali qilgan murojaati bo‘ldi. 14 kun davomida butun dunyo voqealar rivojini xavotir bilan kuzatdi. Ma’muriyatdagi “Qirg'iylar” Sovet Ittifoqiga birinchi zarba berishni talab qildilar, biroq Kennedi va Xrushchyov kelishuvga erishdilar: AQSh Kubaning hududiy yaxlitligini kafolatladi va Turkiyadagi o‘rta masofali raketalarni olib chiqdi, Sovet Ittifoqi esa Kubadagi raketalarini olib tashladi. Dunyo hech qachon termoyadroviy urushga bunchalik yaqin kelmagan edi.


Urushlarni bir nechta raketalar bilan tugatish AQShda flot va quruqlik kuchlarini ahamiyatini kamaytiradi. D.Eyzenxauer prezidentligida davrida aviatsiya va raketa sanoati rivojlanadi. Jon Kennedi esa yana Quruqlik kuchlari va Dengiz flotini obro’sini ko’taradi. Uning boshchiligida “Green Berets” (Yashil Beretlar) maxsus operatsiyalar kuchi tashkil qilinadi. Uning davrida G‘arbiy Berlin va ayniqsa, Janubiy Vyetnamda AQSh harbiy ishtiroki kuchaytirildi. AQShda 1960-70-yillarda irqchilikka qarshi qurash boshlanadi. Qora tanlilarning haq-huquqlarini himoya qilish  namoyishlari bo’lib o’tadi, eng mashhuri “Vashingtongga yurish”. Kennedi fuqarolik huquqlari harakati yetakchilari bilan iliq munosabatlar o‘rnatdi. 1964-yilda Jon “Fuqarolar huquqi” to’g’risida qonun chiqaradi. Unda, asosan, qora tanlilar huquqini himoya qilish ko’zda tutilgan. 1963-yil 22-noyabrda, Dallas (Texas shtati) shahrida AQSh prezidenti o‘ldirildi. Ikki kundan so‘ng esa uni o‘ldirishda ayblangan Li Xarvi Osvald ham otib tashlandi. Prezidentning o’limi jumboqqa aylanadi. Uning o’limi uyushtirilgan degan gap tarqaladi. Konspirologiyaga yuzlansak, davlat ichida Jon Kennedining yo’q bo’lishini istagan odamlar oz emas edi. MRB (CIA), FQB (Federal Qidiruv Bo’limi) va XSK (Xarbiy Sanoat Ko’mpleksi) barchasini qo’li bor deya e’tirof etiladi. Shu o’rinda AQSh Mafiyasi va sirli kuchlarning ham ro’li bor deyiladi.


U uzoq umr ko‘rmadi, biroq mamlakatni o‘zgartirdi: 

  • NASA moliyalashtirilishini oshirdi;
  • Qurolli Kuchlarni qayta tashkil etdi;
  • Oyga birinchi bo‘lib insonni qo‘ndiradigan davlat AQSh bo‘lishini va’da qildi. 


Uning eng mashhur iqtibosi vatanparvarlikka da’vat bo‘lib qoldi:

“Mamlakatingiz siz uchun nima qila olishini so‘ramang, o‘zingiz mamlakatingiz uchun nima qila olishingizni so‘rang”


Bexzodbek Abduvoxobov