Kirish
Xalqaro maydonda xavfsizlikni saqlash masalasi juda keng qamrovli muammolardan biri bo‘lib kelgan, bu masalalarni tushuntirishda Kopengagen maktabining o‘rni juda muhim. Kopengagen maktabining shakllanishi 1983–1990 yillar orasida amalga oshadi. 1983 yilda Barri Buzanning “People, States and Fear” kitobi nazariy asosini yaratdi. 1990-yillar boshida Kopengagen Tinchlik Tadqiqotlari Instituti (COPRI) atrofida Buzan, Waver, de Wilde kabi olimlar birlashadi. “Kopengagen maktabi” atamasi ilmiy adabiyotda aynan shu yillarda qo‘llana boshladi.
Kopengagen maktabi xalqaro maydonda xavfsizlikni saqlashda Realism maktabi g‘oyalaridan mutlaqo o‘zgacha ravishda harbiy kuchga emas, balki siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda ekologik, chetlab o‘tmagan holda oz bo‘lsada harbiy sektor orqali xavfsizlikni ta’minlashni asosiy vazifasi ekanligini ta’kidlaydi. Kopengagen maktabining asosiy g‘oyalaridan biri xavfsizlashtirish (securitization), ya’ni bu sekuritizatsiya qiluvchi aktyor biron bir masalani muayyan bir auditoriya uchun darhol va mavjudlikka tahdid sifatida ko‘rsatadigan nutq akti bo‘lib, muayyan shaxslar tomonidan (hukumat, siyosiy elita tomonidan) e’lon qilinadi. Agarda omma tomonidan qabul qilinsa, “successful securitization” (muvaffaqiyatli xavfsizlashtirish) deb ataladi, bunda xavf bartaraf qilinadi va davlat o‘z xavfsizligini saqlab qoladi. Ammo yuqori elita tomonidan ommaga mavjudlikka tahdid deb yetkazilsa ammo omma tomonidan qabul qilinmasa, bu holatni “securitizing move” (xavfsizlashtirishga urinish) deb ataladi. “Xavf” tushunchasi qanday shakillanishini Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Rossiya va Angliya imperiyasining o‘zaro munosabatlari orqali ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Rossiya imperiyasi tashqi siyosatida o‘z chegaralarini sharqqa tomon kengaytirish uchun dastlab Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari bilan har tomonlama aloqalar o‘rnatishga harakat qildi. Angliyaning bu hududga nisbatan qiziqishi ortib borishi Rossiya imperiyasi hukumatining istilochilik harakatlarini yanada tezlashtirdi. Buyuk Britaniyaning Ost-Indiya kompaniyasi 19-asrdan boshlab strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xonliklarning tabiiy boyliklari, xomashyo mahsulotlariga qiziqa boshladi. Angliya O‘rta Osiyo davlatlariga harbiy sohada yordam berish va ularga Rossiya imperiyasiga qarshi harbiy ittifoq tuzish taklifi bilan Buxoroga Angliyaning Ost-Indiya kompaniyasi vakillari Ch. Stoddart va A. Konnoli 1842-yilda yuborildi, ammo ular amir g‘azabiga uchrab qatl qilinadi. Bunga javoban Angliya hukumati Buxoroga qarshi Afg‘oniston bilan sulh tuzib, ularni qurollantiradi. Shundan keyin Afg‘oniston Buxoro amirligi hududining bir qismini bosib oldi. Natijada 1855-yilda o‘zbeklar va tojiklar yashaydigan Amudaryoning janubiy sohilidagi hududlar Afg‘oniston viloyatiga aylantirildi. Aynan shu davrda Rossiya imperiyasi Qrim urushi (1853–1856)dagi mag‘lubiyati xonliklarni bosib olish harakatini tezlashtirdi. 1847–1865-yillarda Rossiya imperiyasi tomonidan Qo‘qon xonligining shimoli-g‘arbiy viloyatlari va Toshkent shahri istilo qilindi. Nega xonliklar o‘rtasida Rossiya va Angliya imperializimiga qarshi yakdillikda kurash olib bormaganligi kabi savollar paydo bo‘ladi. Buning sababi, Rossiyaning xonliklar bilan o‘zaro savdo va diplomatik aloqalari Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligini bosib olish paytida Buxoro va Xiva xonligi siyosiy elitasi va jamiyat o‘rtasida Rossiya imperiyasiga nisbatan “Xavf” deb qaralmasligi edi. Asosiy “Xavf” Buxoro uchun Qo‘qon xonligini o‘zi va Angliya imperiyasi sanalgan, chunki Amudaryoning janubiy sohillari Afg‘on viloyatiga aylantirilishi va Qo‘qon xonligi bilan esa 1800–1826-yillarda Amir Nasrulloning Jizzax va O‘ratepani egallashga bo‘lgan xarakatiga qarshi Qo‘qon xoni Olimxon bilan bo‘lgan urushlari aniq dalildir. Xiva xonligi esa asosiy “Xavf” deb Buxoro amirligini bilgan, chunki ularning asosiy manfa’ti Marv ustidan hukmronlik edi. Bu Eron bilan bog‘lovchi asosiy ko‘prik vazifasini bajaruvchi geosiyosiy mintaqa hisoblangan. Rossiyani esa “Do‘st” sifatida qaragan, chunki 1842-yil 27 dekabr kuni Xiva va Rossiya o‘rtasida tuzilgan “Majburiyatlar Akti” bunga misol bo‘ladi. Shu sababdan ham xonlar o‘rtasidagi “xavf” tushunchasi Rossiyaga emas, xonliklar o‘rtasida mavjud bo‘lgan va bu siyosiy elita tomonidan jamiyatga yetkazilgan va odamlar tomonidan qabul qilingan.
Xulosa
Kopengagen maktabining sekuritizatsiya tamoili “Xavf”ni obektiv emasligi, balki “nutq akti” orqali ommaga yetkazilishi, omma qabul qilsa, “Xavf” deb qaralishi, aks holda vujudga kelmasligini misollar orqali ko‘rdik. Demak, “Xavf”ni qabul qilish davlatning xalqaro maydonda yashab qolishiga va o‘z xavfsizligini hamda manfaatlarini himoya qilishiga, hamda jamiyatning totuv yashashiga imkon beradi. Ammo davlat uchun “Xavf” bo‘la turib uni real qabul qilmaslik va ommaga nutq orqali yetkazmaslik, jamiyat ongida dushmanga nisbatan xavf deb qaramaslik, davlat va jamiyatning dushmanga qaram bo‘lib qolishiga, hatto xalqaro maydonda nomsiz yo‘qolishiga olib keladi. Bunga xonliklarni Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi tarixiy misoldir. Demak, hozirgi jadallashgan zamonda davlatlarning suverenitetini va jamiyatlarning totuvligini ta’minlashda Kopengagen maktabining o‘rnini juda muhim.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. https://criticallegalthinking.com/2025/03/31/key-concept-securitization-copenhagen-school/
3. https://docx.uz/document/buxoro-qo-qon-munosabatlari-2ec98904?lang=uz
4. 8-sinf O‘zbekiston tarixi. “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa uyi, Toshkent, 2019. 27-mavzu, 99-bet.
5. Piter Hopkirk. “Katta O‘yin”. 1990; 15-may, 1992.
Vahobov Boburbek
JIDU, Xalqaro Munosabatlar fakulteti talabasi