2024-yil dekabr oyida Assad rejimining qulashidan so‘ng Ahmad al-Sharaaning hokimiyatga kelishi Suriya tashqi siyosatining tubdan qayta shakllanishiga olib keldi. Yangi hukumatning birinchi va eng muhim tamoyillaridan biri xalqaro hamjamiyat bilan diplomatik aloqalarni tiklash va mamlakatni global siyosiy maydonga qayta olib chiqishdir. Ikkinchi tamoyil esa davlat rivoji uchun to’sqinlik qilayotgan siyosiy izolyatsiya va xalqaro sanksiyalardan halos bo’lish orqali iqtisodiyotni qayta qurishga qaratilgan. Shu maqsadda yangi rahbariyat Saudiya Arabistoni va Qatar kabi Fors Ko‘rfazi davlatlari bilan, shuningdek AQSh, Fransiya, Germaniya va Turkiya vakillari bilan bir necha bor muzokaralar o‘tkazib, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda. Uchinchidan, sobiq hukumat davrida shakllangan ko’plab radikal islomiy guruhlar mamlakatning siyosiy birlashuviga jiddiy tahdid solgan. Shu bois terrorizmga qarshi kurash yangi tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. To‘rtinchidan, demokratik boshqaruv tizimini shakllantirish ham muhim strategik vazifa sifatida ko‘rilmoqda. Bu konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish, erkin va adolatli saylovlarni tashkil etish, shuningdek barcha diniy, etnik va siyosiy guruhlarni davlat kelajagini barpo etish jarayoniga jalb qilishni o‘z ichiga oladi. Shu tariqa, yangi Suriya rahbariyati mamlakatni diplomatik jihatdan tiklash, iqtisodiyotni barqarorlashtirish, xavfsizlikni mustahkamlash va demokratik institutlarni rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli tashqi siyosatni shakllantirmoqda.
Eron
1979-yildagi Islom inqilobi va 1980-yilda boshlangan Eron-Iroq urushidan buyon Suriya uchun eng yaqin strategik ittifoqchi hisoblangan Eron bilan munosabatlar 2024-yilda Bashar al-Assad rejimining qulashidan keyin sezilarli darajada yomonlashdi. Yangi Suriya hukumatining Eronga havo hududidan foydalanishni cheklashi hamda 4 000 nafar eronlik harbiyni mamlakatdan chiqarib yuborishi Suriyaning mintaqaviy mojarolarga aralashmaslik va faol neytrallikni saqlashga qaratilgan yangi tashqi siyosat tamoyillarini aks ettiradi.
Eron esa Suriyada o‘zining ta’sir doirasini yo‘qotmaslik maqsadida mazhablararo ziddiyatlardan foydalanishga urinishi mumkin. Xususan, mamlakatning g‘arbiy hududlarida yashovchi va aholisining taxminan 13 foizini tashkil etadigan alavitlar guruhini qo‘llab-quvvatlash orqali hamda ularning yangi hukumat tomonidan ta’qib qilinayotgani, hibsga olinayotgani yoki qatl qilinayotgani haqida fikr uyg‘otish orqali Tehron yangi hokimiyatga nisbatan bosim o‘tkazishga intilishi ehtimoldan xoli emas.
Turkiya

Suriya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar asosan mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizmga qarshi kurash, Suriyada etnik va diniy jihatdan inklyuziv siyosiy boshqaruvni shakllantirish hamda urushdan keyingi qayta qurilish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslanadi. Ushbu yo‘nalishlar ikki tomonlama manfaatlar bilan bir qatorda mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, avvalo, Iroq va Shom Islomiy Davlati (IShID) kabi terroristik tuzilmalarga qarshi kurashni nazarda tutadi. Shu doirada Livan, Iordaniya, Iroq, Suriya va Turkiya ishtirokida mintaqaviy hamkorlik mexanizmlari hamda AQSh – Turkiya – Suriya Ishchi guruhi tashkil etilgan bo‘lib, ular harbiy muvofiqlashtirish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Suriyada inklyuziv siyosiy rejimni shakllantirish etnik va diniy guruhlarning, jumladan kurd aholisining, siyosiy vakilligini kengaytirishni nazarda tutadi. Bunday yondashuv ichki barqarorlikni ta’minlash va uzoq muddatli siyosiy barqarorlikka erishishning muhim omili sifatida baholanadi.
Urushdan keyingi qayta qurilish jarayonlari Turkiya kompaniyalari uchun infratuzilma, ta’lim, moliya va sog‘liqni saqlash sohalarida iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, ushbu jarayonlar Turkiya hududida istiqomat qilayotgan taxminan 2,7 million nafar suriyalik qochqinlarning bosqichma-bosqich vataniga qaytishini rag‘batlantiradi.
2025-yil 14-avgustda Turkiya Mudofaa Vazirligi va Suriya Mudofaa Vazirligi o‘rtasida imzolangan memorandum harbiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, u Suriya armiyasining havo hujumidan mudofaa salohiyatini oshirish, qurol-yarog‘ yetkazib berish va harbiy xizmatchilarni tayyorlashni nazarda tutadi.
Isroil
Yangi siyosiy sharoitda Suriya va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar asosan milliy xavfsizlik va suverenitetni mustahkamlash, tashqi harbiy aralashuvni cheklash, xalqaro hamjamiyatda siyosiy legitimlikni tiklash tamoyillari asosida shakllanmoqda. Isroilning Suriya bo‘yicha strategiyasi Suriya hududidagi Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Hizbulloh kabi guruhlarning faoliyatini cheklash hisoblanadi.
Mazkur strategiya doirasida Isroil – Suriya chegarasidagi Hermon tog‘i va 1979-yildan buyon demilitarizatsiyalangan Golan Tepaliklari hududlarida to‘qqizta harbiy inshoot barpo etgani va ushbu hududlardagi druziy etnik jamoalarining Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi Suriya hududiy yaxlitligi va suverenitetiga xavf soluvchi omillar hisoblanadi.
Parijda 5-6-yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Suriya va Isroil o‘rtasidagi 5-muzokaralar roundi Suriyaning hududiy va siyosiy yaxlitlikni mustahkamlash va diplomatik aloqalarni kengaytirishga yo‘l ochdi. Muzokaralar natijasida, ikki davlat vakillari harbiy de-eskalatsiya, razvedka ma’lumotlari alamashuvi, diplomatik va savdo aloqalarini rivojlantirishni ifodalovchi “Qo‘shma Muvofiqlashtiruvchi Mexanizm” joriy qilishlari Suriya uchun tashqi bosimlarsiz faoliyat olib borish va xalqaro darajada legitimlik pozitsiyasini mustahkamlash imkonini beradi.
Saudiya Arabistoni

Suriyaning barqaror rivojlanishi tashqi siyosatda multivektorli strategiyani mustahkamlash bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu jarayonda Saudiya Arabistoni bilan munosabatlar muhim shakllantiruvchi omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik Suriyani qayta qurish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, Saudiya Arabistonining mintaqadagi siyosiy ta’sirini kengaytirish, Eron va uning proksi kuchlariga qarshi muvozanat siyosatini yuritish, shuningdek, Saudiya xavfsizligiga tahdid solayotgan Suriyadagi Captagon narko-biznesini bartaraf etish hamda Suriya uchun muqobil daromad manbalarini yaratishga qaratilgan.
Mazkur yo‘nalishda Fors ko‘rfazi davlatlarining roli ham ortib bormoqda. Xususan, Suriyada yangi hukumatni shakllantirish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash maqsadida Saudiya Arabistoni va Qatar tomonidan World Bank oldidagi 15,5 million AQSh dollari miqdoridagi Suriya davlat qarzining to‘lab berilishi muhim moliyaviy qadam sifatida baholanadi. Bundan tashqari, ko‘chmas mulk, infratuzilma va telekommunikatsiya sohalarida umumiy qiymati 6,6 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan kelishuvlarning amalga oshirilishi Saudiya Arabistonining Suriyani qayta tiklash va mintaqaviy integratsiyaga jalb etish borasidagi strategik yondashuvini yaqqol aks ettiradi.
Rossiya
Rossiya Suriyaning asosiy neft bilan ta’minlovchisi, milliy valyuta emissiyasi (pul bosib chiqarish) jarayonida muhim rol o‘ynovchi hamda Suriyada Isroil ta’siriga qarshi muvozanat yaratuvchi davlat sifatida Suriya bilan strategik aloqalarni shakllantirib kelgan. Rossiya uchun Suriyaning geosiyosiy ahamiyati mamlakatning Sharqiy O‘rtayer dengiziga chiqish imkonini berishi hamda Yaqin Sharq, Afrika va NATOning janubiy qanotida o‘z ta’sir doirasini kengaytirishida tayanch hudud vazifasini bajarishi bilan izohlanadi.
Hozirgi bosqichda yangi hukumat Suriya hududining taxminan 70 foizini nazorat qilmoqda, biroq mamlakatning g‘arbiy qismidagi alavitlar va janubidagi druziylar kabi mahalliy jamoalar bilan bog‘liq xavfsizlik muammolari saqlanib qolmoqda. Ushbu beqarorlik sharoitida, 2025-yil oktabr oyida Moskvaga tashrif buyurgan Ahmad al-Sharaa Vladimir Putindan Rossiyaning Suriyadagi Tartus dengiz harbiy bazasi va Latakiyadagi Khmeimim havo bazasini saqlab qolishni so‘ragan. Ushbu yondashuv Damashq uchun janubda Isroil, shimolda esa Turkiya ta’sirini muvozanatlashga qaratilgan tashqi siyosiy strategiyaning bir qismi sifatida baholanadi.

Xitoy
2025-yil noyabr oyida Suriya Tashqi Ishlar vazirligi rahbari Assad al-Shayboniyning Pekinga amalga oshirgan tashrifi Suriya va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni qayta faollashtirdi. Suriya uchun Xitoy bilan hamkorlikning asosiy maqsadlaridan biri xalqaro legitimatsiyani mustahkamlash bo‘lsa, Xitoy manfaatlari milliy xavfsizlikni ta’minlash, multipolyar xalqaro tartibni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy manfaatlar bilan izohlanadi.
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik asosan infratuzilma, energetika tizimlari va sanoat ishlab chiqarishi sohalariga qaratilgan. Xususan, 2025-yilda Xitoydan Suriyaga 16 ming tonna po‘lat uskunalar eksport qilinishi hamda “Fidi Contracting” kompaniyasi bilan Damashq va Homs shaharlarida sanoat zonalarini barpo etish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar Xitoy – Suriya iqtisodiy manfaatlarining amaliy ifodasi hisoblanadi.
Shuningdek, Xitoy – Suriya aloqalarining rivojlanishida xavfsizlik omili muhim o‘rin tutadi. Suriya fuqarolar urushi davrida minglab Shinjonlik uyg‘urlarning Suriya muxolifat kuchlariga qo‘shilgani va ularning hozirgacha Idlib hamda Halab viloyatlarida saqlanib qolayotgani Xitoy uchun potensial xavfsizlik tahdidi sifatida baholanadi. Shu sababli, ularning Xitoyga qaytishi yoki transmilliy ekstremistik tarmoqlarga qo‘shilishining oldini olish masalasi Pekinning Suriya bilan aloqalarni chuqurlashtirishidagi muhim strategik motivlardan biri hisoblanadi.
AQSH
Suriya va AQSH o‘rtasidagi manfaatlar Yaqin Sharqda Eron ta’sirini cheklash hamda radikal islomiy jihodchi guruhlarga qarshi kurashish bilan izohlanadi. Ushbu doirada AQSH Suriyaning siyosiy barqarorligi va iqtisodiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosiy hamda iqtisodiy choralarni amalga oshirmoqda. Iqtisodiy jihatdan, AQSH tomonidan Suriyaga investitsiyalar oqimini cheklab kelayotgan Caesar Act sanksiyalarini bekor qilish masalasining muhokama qilinishi mamlakat iqtisodiy tiklanishini rag‘batlantirishga qaratilgan muhim omil hisoblanadi. Siyosiy jihatdan esa AQSH Suriya hukumati bilan integratsiyalashuvni rad etayotgan Suriya Demokratik Kuchlari bilan bog‘liq ziddiyatlarni yumshatish maqsadida vositachilik (mediatorlik) rolini bajarishi Suriya ichki siyosiy barqarorligini mustahkamlash va qurolli qarama-qarshiliklarning oldini olishga qaratilgan strategik siyosat sifatida baholanadi.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda, yangi Suriya hukumati tashqi siyosatini diplomatik aloqalarni qayta tiklash, iqtisodiy rekonstruksiya, demokratik boshqaruv institutlarini shakllantirish hamda terrorizmga qarshi kurash tamoyillari asosida olib bormoqda. Ushbu yondashuv mamlakatning urushdan keyingi siyosiy legitimatsiyasi va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Yangi hukumat tomonidan olib borilayotgan multivektor tashqi siyosat Suriyaning Eron va Rossiya bilan an’anaviy yaqinligini nisbatan kamaytirgan holda, AQSH, Turkiya, Fors ko‘rfazi davlatlari, Xitoy hamda Isroil bilan munosabatlarni muvozanatli tarzda rivojlantirish imkonini bermoqda. Bu holat Suriyaning mintaqaviy va global tizimdagi manyovr imkoniyatlarini kengaytirayotgan muhim omil sifatida namoyon bo‘ladi. Mamlakat ichida Hizbulloh va Iroq va Shom Islomiy Davlati (IShID) kabi terroristik tuzilmalarga qarshi kurashda Suriya Turkiya, Rossiya, Isroil va AQSHning harbiy-siyosiy ko‘magiga tayanmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiy qayta qurish jarayonida AQSH, Xitoy va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish orqali Suriya xalqaro hamjamiyatdagi strategik ahamiyatini bosqichma-bosqich oshirib bormoqda.