Xitoyning "Bir kamar, bir yo'l" loyihasi va uning Markaziy Osiyoga ijobiy va salbiy tomonlari

Bir kamar, bir yo’l loyihasi 2013-yil Xitoy hukumati tomonidan 148 ta davlat va 30 ta xalqaro tashkilotlarga sarmoya kiritib, global infratuzilmani va mintaqaviy integratsiyasini rivojlantirish, savdo hajmini ko’paytirish va rag’banlantirish maqsadida quruqlik va dengiz orqali Osiyoni Afrika va Yevropa bilan bog’lashga qaratilgan strategiya hisoblanadi.


Bu tashabbus ikki asosiy qismdan iboratdir. Birinchisi, “Ipak yo’li iqtisodiy zanjiri” deb nomlangan strategiya 2013-yil sentabr oyida Si Szinpinning Qozog’istonga rasmiy tashrifi chog’ida qabul qilingan. Ikkinchisi esa, “Dengiz ipak yo’li” deb nomlangan strategiya 2013-yilning oktabrida Indoneziya parlamentidagi nutqida taklif qilingan. Shuningdek, bu loyiha orqali Prezident Si Szinpin o’z mamlakatining jahon iqtisodiyotidagi obro’yini oshirish, savdo aloqalarini mustahkamlash, Xitoyni tabiiy zaxiralar va o’zi ishlab chiqara olmaydigan boshqa tovarlar bilan ta’minlashga qaratgan. Bugungi kunga qadar Xitoy loyihaga a’zo mamlakatlarda 1 trillion dollarli 15 mingga yaqin loyihani amalga oshirdi. Kamar-yo’l loyihasining ikkita yo’nalishi mavjud bo’lib, birinchisi quruqlikdan, ikkinchisi esa okean orqali hisoblanadi.  


Markaziy Osiyo bu loyihada quruqlikdagi yo’nalishining asosiy qismidir. Markaziy Osiyo davlatlari orasida umumiy 136 million dollardan ortiq minimal sarmoyaga ega 261 ta loyiha amalga oshirildi. Xususan, CADGAT hisobotiga ko’ra, Turkmanistonda 26 ta, O’zbekistonda 43 ta, Tojikistonda 44 ta, Qirg’izistonda 46 ta va eng ko’pi Qozog’istonda 102 ta loyiha amalga oshirilgan. Umuman olganda, Markaziy Osiyo Xitoy sarmoyasi ishtirokida 237 ta ikki tomonlama va 24 ta ko’p tomonlama loyihalar amalga oshirilgan bo’lib, ulardan 209 tasi mahalliy va 52 tasi mintaqaviy loyiha hisoblanadi.


Bu loyihasi doirasida Xitoy Qirg’izistonda ko’plab muhim proyektlarni, jumladan Jalolobod viloyatida sement zavodi, O’sh shahrida maishiy texnika ishlab chiqarish zavodini qurish, Bishkekdagi issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish kabi loyihalarni amalga oshirdi. Shuningdek, Qirg’iziston uchun eng yirik loyiha 2022-yil sentabr oyida imzolangan Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’l loyihasi va Turkmaniston-Xitoy gaz quvuri hisoblanadi. Tojikiston loyiha bo’yicha Xitoy bilan Dang’ara tumanidagi paxtani qayta ishlash zavodi, issiqlik va elektr stansiyalari, tog’-kon sohasida esa Tojikiston va Xitoy sanoati zonasini tashkil etish bo’yicha kelishuvlarga erishgan. Qozog’iston bu loyihada ishtirok etishni tasdiqlagan birinchi davlat bo’ldi va uning  ishtiroki esa loyihadagi transport va logistika salohiyatini oshirish bo’yicha strategik maqsadga bevosita mos keldi. Ushbu sohaga so’nggi besh yil ichida 35 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritgan. Shuningdek, Qozog’iston-Xitoy chegarasidagi uchinchi temir yo’l ham qurib bitkazildi. Turkmanistonda bu loyiha Xitoy uchun energiya ta’minoti manbalarini diversifikatsiya qilish va ko’mir iste’molini kamaytirishga yordam beradi. Shuningdek, bu loyiha Xitoy uchun energiya xavfsizligini yaxshilaydi va Malakka bo’g’oziga qaramlikni kamaytiradi. Loyiha doirasida 2020-yilda Xitoy kompaniyalari Turkmanistonda umumiy qiymati 457 million dollarga teng yangi loyiha shartnomalarini imzoladi. Xitoyning Turkmaniston bilan ko’pgina yangi loyihalari, asosan, tabiiy gaz sohasida imzolandi. Bu loyiha  O’zbekiston uchun esa fors ko’rfaziga chiqish uchun zo’r imkoniyatdir va bu mamlakatimiz uchun savdo yo’llarini kengaytirishga imkon beradi. O’zbekiston tovarlarini ko’proq mintaqalarga eksport qilish esa mamlakat iqtisodi uchun juda foydali hisoblanadi. Shuningdek, bu loyiha orqali O’zbekiston tranzit tovarlarini tashish uchun huquqqa ham ega bo’ladi. Loyiha bo’yicha Huawei, ZTE, Eksimbank kabi Xitoyning muhim kompaniyalari O’zbekistobda faoliyat yuritadi.


O’zbekiston 2022-yilda Xitoy bilan loyiha infratuzilmasi bo’yicha 16 milliard dollar miqdorida shartnomalar imzolaydi.

Bir kamar, bir yo'l loyihasi orqali Markaziy Osiyoda mintaqaviy aloqalar va savdo-sotiq imkoniyatlari rivojlanadi. Buning natijasida mintaqada iqtisodiy o’sish, bo’sh ish o’rinlarining yaratilishi, sanoat va xizmat ko’rsatish sohalarining rivojlanishiga olib keladi. Xususan, dengizga chiqish imkoni bo’lmagan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu loyiha foydali bo’ladi. Xitoyning bu loyihasi Markaziy Osiyoning postsovet tarixi va iqtisodiy rivojlanishida muhim burilish nuqtasidir hamda Xitoyning Markaziy Osiyodagi faol ishtiroki uzoq muddatli hodisa hisoblanadi.  


Loyihaning Markaziy Osiyoga salbiy tomonlarini ham hisobga olish kerak. Loyiha orqali Xitoyning mintaqadagi ta’siri sezilarli darajada  kuchayadi. Buning natijasida mahalliy iqtisodiyot va madaniyatlarga ta’sir qiladi. Shuningdek, Markaziy Osiyo o’z tovarlarini xaridori sifatida Xitoyga haddan tashqari qaramligi ham jiddiy xavf hisoblanadi. Misol uchun, ayni damda Turkmaniston bu bosimni his qilmoqda, chunki 2016-yilda Rossiya Turkmanistondan gaz sotib olishni to’xtatgandan beri Xitoy Turkmaniston gazining yagona xorijiy importchisi hisoblanadi. Qirg’izistonda Xitoy oldidagi qarzlarini to’lay olmaslik, ya’ni Xitoyning “Qarz tuzog’i diplomatiyasi” xavfi mavjud. Xitoy shu qarzlar uchun to’lov sifatida Qirg’izistondan konlari, xususan, milliardlab tonna temir rudasiga ega Jetim-Tov tog’ tizmasini va metallurgiya zavodi qurish mumkin bo’lgan Qorakeche ko’mir konini so’rab tahdid qilmoqda. O’zbekiston uchun salbiy tomoni shundaki, Xitoydan import qilingan arzon mahsulotlar mahalliy kompaniyalarni sinishiga sabab bo’ladi. Tojikistonning Xitoy Eksim bankidan 3 milliard dollarga yaqin miqdorda qarzi bor va bu qarzni o’sib borishini inobatga olsak, Tojikistonning Xitoyga iqtisodiy qaramligini yuzaga keltirishi mumkin. Qozog’iston ham o’zining Bo’zimchak mis-oltin konini 60%ini topshirib qo’yganidan Xitoyning Qozog’iston iqtisodi uchun qanchalik ahamiyatliligini bilishimiz mumkin. 


Xulosa qilib aytganda, Xitoyning bu loyihasi Markaziy Osiyo iqtisodiga sezilarli ta’sir ko’rsatadi va mintaqada aloqa va infratuzilmani rivojlantiradi. Xususan, Markaziy Osiyoda savdo va sarmoya, energetika sohasidagi hamkorlik va geosiyosiy dinamika nuqtai nazaridan muhim o’zgarishlarga olib keladi. Biroq, bu Xitoyning mintaqadagi uzoq muddatli ta’siri haqidagi xavotirlarni ham uyg’otadi va mahalliy iqtisodiyot va madaniyatlarga, mamlakatdagi kichik bizneslarning sinib ketishiga ta’sir qilishi mumkin.

Abdunaimov Shahzodbek
JIDU, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI)