Xitoy tashqi siyosatini belgilab beruvchi 5 tamoyil

 


Bundan 70 yil oldin, ya’ni 1954-yilda Xitoy bosh vaziri Chjou Enlay tomonidan ilgari surilgan tinch-totuv yashashning besh tamoyili xalqaro munosabatlarda barqarorlik va tinchlikni ta'minlash uchun asos bo'lib xizmat qilgan. Ushbu tamoyillar Xitoyning qo'shni mamlakatlar bilan munosabatlarini shakllantirishda hamda xalqaro munozaralarda faol ishtirok etishida muhim rol o'ynagan. Mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, bu tamoyillar o'nlab yillar davomida xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e'tirof etilib, xalqaro munosabatlarning  asosiy yo‘riqnomasiga aylangan. Shuningdek, bugungi kunda global xavfsizlik tarangligi kuchayib borayotgan bir paytda, ushbu besh tamoyillarning dolzarbligi muhimligicha qolmoqda.  Ular quyidagilar:

1. Hududiy yaxlitlik va suverenitetni o‘zaro hurmat qilish. 

Xitoyning hududiy yaxlitligini saqlash bo'yicha o'z siyosati va bu boradagi mintaqaviy mojarolarga, jumladan, Tayvan, Tibet va Shinjon kabi masalalariga bag'ishlangan hisoblanadi. Xitoy o'z suvereniteti va chegaralarini himoya qilishni hal qiluvchi masala deb biladi, bu ayniqsa, Tayvan hududi bilan bog'liq. Xitoy Tayvanni o'zining ajralmas qismi sifatida ko'radi va uning mustaqillikka erishishiga qarshi qat'iy turadi. Shuningdek, Tibet va Shinjon mintaqalarida etnik va diniy muammolar ham mavjud bo'lib, bu hududlar ustidan nazoratni saqlab qolish Xitoy uchun nafaqat siyosiy, balki strategik jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. 

2.Tajovuz qilmaslik va bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik.

“Boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik” tamoyili mamlakatlarning suvereniteti hamda ularning o’rtasidagi xalqaro hurmatga asoslanadi. Bu yondashuv Xitoyning tarixiy tajribalariga borib taqaladi, chunki XIX-XX asrlarda chet el kuchlarining aralashuvi uning suverenitetini bir qancha  zaiflashtirgan edi. Ammo 1949-yilda kelib, hokimiyatni egallagan Xitoy Kommunistik partiyasi bu kabi aralashuvlarni takrorlamaslikka harakat qildi va Mao Szedun rahbarligida Xitoy “Birgalikda tinch yashash tamoyillari”ni ishlab chiqdi. Hozirda Xitoy, Tayvan va Tibet kabi masalalarda xorijiy aralashuvga qat’iy qarshi turadi. Shuningdek, iqtisodiy hamkorlikda siyosiy shartlar qo‘ymaslik, jumladan, “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi orqali aralashmaslik siyosatini davom ettirishga harakat qilib kelmoqda.

3. O'ziga xoslik xilma-xilligini hurmat qilish. 

Shu jumladan, Xitoy madaniy plyuralizm va o‘ziga xosliklarni hurmat qilishga katta e’tibor beradi va uni hurmat qiladi. Buning sababi shuki, 56 ta rasmiy tan olingan etnik guruhga ega bo‘lgan Xitoy madaniy xilma-xillikni tarixan boshqarib kelgan. Qadimgi Ipak yo‘li orqali boshqa madaniyatlar bilan aloqalar o‘rnatilgan. Shuningdek,  etnik ozchiliklarning tillari va madaniyatini saqlash huquqi Xitoy Konstitutsiyasi orqali  kafolatlanganligi bunga yaqqol dalildir. Tibet, Shinjon va Ichki Mo‘g‘uliston kabi hududlarda “mintaqaviy etnik avtonomiya” siyosati qo‘llaniladi. Biroq, Tibet va Shinjon mintaqalarida madaniy hurmat va davlat xavfsizligi o‘rtasida keskinliklar mavjud bo‘lib, ular madaniy cheklovlar bilan bog‘liq bo’lgan bahsli muammolarni keltirib chiqargan.

4. Mojarolarni tinch yo’l bilan hal qilish. 

Xitoy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga katta ahamiyat beradi va bu borada diplomatiya hamda muzokaralarni eng maqbul yo’l sifatida ko’radi. Janubiy Xitoy dengizidagi nizolar va Shimoliy Koreya yadroviy dasturiga oid bo’lgan muzokaralar Xitoyning ushbu yondashuvini aks ettiradi. Shu bilan birga, Xitoy mintaqaviy tashkilotlar, jumladan ASEAN hamda ShHT kabi tashkilotlar bilan hamkorlik qilib, mojarolarni diplomatik yo‘l bilan hal etishni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. 

5. Hamkorlik va o'zaro manfaatlani hurmat qilish.

Xitoy xalqaro siyosatda hamkorlik va o‘zaro manfaat tamoyillariga tayanadi. Mamlakat o‘z tashqi siyosatida tenglik, hurmat va suverenitetni ustuvor ko‘rib, "insoniyat uchun umumiy bo’lgan hamjamiyati"ni yaratishni maqsad qilgan. Den Syaopin hokimyatga  kelgandan keyin mamlakatda bir qancha islohotlar o’tkazildi, va ushbu islohotlar Xitoyni pragmatik diplomatiya va o‘zaro manfaatga asoslangan iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgandi.Bundan tashqari, "Bir kamar va yo‘l" tashabbusi, Afrika va Lotin Amerikasi bilan mustahkam hamkorlik orqali Xitoy dunyo miqyosida iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni yanada kuchaytirib, global tinchlik va barqarorlikka o’z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Xulosa.

Xulosa qilib aytganda, tinch-totuv yashashning besh tamoyili xalqaro barqarorlikni ta'minlashda va Xitoyning global nufuzini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Hududiy yaxlitlik, ichki ishlariga aralashmaslik, madaniy xilma-xillikka hurmat, mojorolarni tinch yo’l bilan hal qilish va o‘zaro manfaatlarga asoslangan hamkorlik bugungi kunda ham muhimligicha qolmoqda. Ushbu tamoyillar Xitoy tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishini belgilab, uning global xavfsizligi va taraqqiyoti uchun poydevor vazifasini o‘tab beradi.


Baxriddinov Fayoziddin,

JIDU, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI)