ERON-AFG‘ONISTON MUNOSABATLARINING MURAKKAB DINAMIKASI: SAVDO, TERRORIZMGA QARSHI KURASH VA STRATEGIK HAMKORLIK

 


Annotatsiya: Ushbu maqolada, Eron va Afg‘onistonning so‘nggi yigirma yil ichida ro‘y bergan munosabatlari, jumladan, Eronning AQSh-Afg‘oniston urushi davrida Afg‘onistonga nisbatan qo‘llagan ikki xil siyosati, ikki davlat o‘rtasidagi hozirgi savdo aloqalari, Tehron va Tolibonning birgalikda terrorizmga, xususan, IShID-Xurosonga qarshi kurashi, hamda Isroil-Falastin mojarosida Afg‘onistonning Eron pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashi, Eron-Afg‘oniston munosabatlarida Chabahor portining ahamiyati haqida aytib o‘tilgan. 

Kalit so’zlar: AQSh-Afg‘oniston urushi, Al-Qoida tashkiloti, Shoh Cherak ziyoratgohi, IShID-Xuroson, G‘azo mojarosi. 

Ikki mamlakatning so‘nggi 20 yil ichidagi munosabatlari

Eron Afg‘oniston bilan kuchli diniy, madaniy va umumiy til birligiga ega mamlakatdir. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy va geosiyosiy omillar natijasida ham shakllangan.

Eron Islom Respublikasi Tolibonning 2021-yil avgust oyida hokimiyatda kelganidan keyingi davr mobaynida dastlab ba’zi qiyinchiliklarga duch keldi, jumladan, Hilmand daryosidan foydalanish bo‘yicha kelisha olishmadi. 936 km umumiy chegaraga ega bo‘lgan Eron-Afg‘oniston munosabatlarining so‘nggi yigirma yil ichidagi aloqalari haqida so‘z ochadigan bo‘lsak, avvalo, Eronning AQSH-Afg‘oniston urushi davrida Afg‘oniston hukumatiga qarshi olib borgan ikkilamchi siyosati haqida aytib o‘tish lozim. Eron shia musulmonlari mamlakati, Tolibon esa sunniylar ekanligini hisobga olsak, ikkalasi tabiiy dushman mamlakatlardir. Tarixiy jihatdan, Eron 1990-yillarda Tolibonga qarshi bo‘lgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun toliblar bilan antagonistik munosabatda bo‘lgan. 1998-yil avgust oyida toliblar tomonidan Mozori Sharifda 9 ta eronlik diplomatning o‘ldirilishi Tehron va Tolibon o‘rtasidagi musosabatlarning yanada murakkablashishiga sabab bo‘ldi.

Buning natijasi o‘laroq, dastlab 2001-yil AQShning Tolibonga qarshi urushini Eron mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladi va AQShga harbiy va razvedka tomonlama yordam berdi, shuningdek, AQShning iltimosiga binoan Al-Qoida va boshqa sunniy jangarilarni o‘z hududidan chiqarib yubordi. Lekin, 2002-yili AQSh prezidenti J.Bush Eronni “yovuzlik tayanchi” mamlakatlari qatoriga qo‘shib, terrorizmni moliyalashtirishda aybladi, bu esa Eronda noroziliklarga sabab bo’ldi. Eron esa bir vaqtning o‘zida ham mavjud Afg‘oniston Islom Respublikasini, ham Tolibon guruhini qo‘llab-quvvatladi. Chunki tabiiy ravishda Eron AQShning mintaqada mavjudligini o‘z xavfsizligi uchun tahdid deb hisobladi va toliblarning AQShga qarshi kurashini har tomonlama qo‘llab-quvvatladi. 2009-yil avgust oyida Britaniya harbiy kuchlari tomonidan Hilmand viloyatida bo‘lgan janglarda Eronda ishlab chiqarilgan qurol-aslahalarning topilishi yaqqol bunga misol bo‘la oladi. Eronning Afg‘onistondagi bu ikkilamchi siyosatining asosiy maqsadi, har qanday hukumat almashishidan qat’iy nazar mamlakatda o‘z iqtisodiy ta’sir doirasini yaratish bo‘lib, yakunda Fors ko‘rfazi, Markaziy Osiyo va Uzoq sharqni bog‘lovchi strategik markazga aylanishdir. 

Savdo aloqalari. 

O‘z navbatida, so‘nggi yillarda Eron va Afg‘oniston o‘rtasida savdo aloqalari izchil rivojlanib, har ikki davlat o‘zaro iqtisodiy almashinuvlardan foyda ko‘rishmoqda. 2024-yilning birinchi choragida ikki davlat o‘rtasidagi umumiy savdo aylanmasi 695 million dollarni tashkil qildi. 2023-yilning xuddi shu davrida umumiy savdo aylanmasi 517 million dollarni tashkil qilgan. O‘tgan yilga solishtirganda, umumiy savdo aylanmasi 102 million dollarga, ya’ni 31% ga o‘sdi. Eron, asosan, Afg‘onistonga turli turdagi yoqilg‘i mahsulotlari, elektr energiyasi va sement, shuningdek, bulg‘or qalampiri ham sotadi. Afg‘onistondan esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari: paxta, kunjut, mayiz va loviya kabi mahsulotlarni sotib oladi. Afg‘onistonning energiya va ichki infratuzilmalarni rivojlantirish uchun qurilish materiallariga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olsak, Eron bilan bo‘lgan savdo aloqalarini rivojlantirish Tolibon hukumati uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Chobahor porti orqali Afg‘onistonning “Shimol-Janub” transport karridorida ishtirok etishi. 

Eron janubida joylashgan Chabahor porti Eron va Afg‘oniston o‘rtasida iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Afg‘oniston Pokiston portlariga qaramligini kamaytirishga intilayotgan bir paytda, Chabahor portining rivojlanishi va uning “Shimol-Janub” transport yo‘lagiga kiritilishi mamlakatga global bozorlarga chiqish imkonini beradi, shu bilan birga mintaqaviy aloqalarni kuchaytiradi. Eron va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aloqalari o‘sib borayotgan bir paytda, Tolibon hukumati Chobahor portiga 35 million dollar sarmoya kiritishini e’lon qildi. Shuningdek, Chobahor portida Afg‘oniston uchun alohida maxsus iqtisodiy zona ham tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu orqali Tolibon hukumati Pokiston portlariga qaramligini kamaytirib, mamlakat iqtisodiy kelajagini Chobahor porti bilan bog‘lashga harakat qilyapti. Chunki, Chobahor porti Shimol-Janub transport korridorining sharqiy yo‘nalishida (Rossiya-O‘rta Osiyo-Hindiston-Eron) katta ahamiyatga ega va shuningdek, Hind okeaniga to‘g‘ridan-to‘gri chiqish imkoniga ega bo‘lgan va sanksiyalardan ozod etilgan yagona Eron porti hisoblanadi. Afg‘oniston Shimol-janub transport korridorida ishtirok etishi bilan o‘zini Markaziy Osiyo, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Rossiya orqali Yevropa bozorlari bilan bog‘lay oladi.

Terrorizmga qarshi kurash: IShID-Xuroson fonida.

Bugungi kunda, Eron hukumati ham, Tolibon hukumati ham IShID-Xuroson terroristik tashkilotini o‘zining xavfsizligi uchun jiddiy xavf deb hisoblaydi. Chunki, IShID-Xuroson mafkurasi shia musulmonlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshi bo‘lgan kuchli sunniy ekstremizmni targ‘ib qiladi, yuqorida aytib o‘tilganidek, Eronda esa shia musulmonlari aholining asosiy qismini tashkil qiladi. Bu terroristik tashkilot nafaqat Erondagi shia musulmonlariga, balki mintaqadagi shia jamoalari uchun ham bevosita tahdiddir. O‘z navbatida, Tolibon hukumati ham Afg‘onistonda tartibni saqlash va birinchi navbatda, hokimiyatni qo‘lda tutib turish uchun IShID-Xurosonga qarshi kurash olib borishi kerak va shunday ham qilib kelmoqda. IShID-Xuroson terroristik guruhi so‘nggi yillarda Eronda bir nechta teraktlar uyushtirdi. Jumladan, 2022-yilning oktabr oyida millati tojik bo'lgan bir yigit tinch omma oldida 40 nafar kishini jarohatladi va 13 nafar kishini otib o‘ldirdi. 2023- yilning avgust oyida Sheroz shahridagi Shoh Cherak deb nomlangan ziyoratgohga yolg‘iz qurollangan shaxs kirib kelib, 4 nafar kishini yarador qiladi va 1 nafar kishini o‘ldiradi. Bu voqeani ham tashkilot o‘z bo‘yniga oladi. 2024-yilning 3- yanvarida esa Eronda general-mayor Qosim Sulaymoniy maqbarasi oldida Erondagi so‘nggi 10 yillikdagi eng qonli teraktni amalga oshirdi. Bu teraktda 103 nafar kishi halok bo‘ldi, 280 dan ortiq kishi jarohat oldi. IShID-Xuroson guruhi esa Eronga uyushtigan bu hujumlarni ham o‘z bo‘yniga olib, sababini mamlakatdagi asosiy aholi shia musulmonlari ekanligi, Eronning Rossiya bilan aloqalari, ya’ni Iroqdagi "Islomiy davlat" ga qarshi bo‘lgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlashi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy harakatlarda ishtirok etishi ekanligini ta’kidladi. Eron, albatta, bunday hujumlarni oldini olish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tolibonning IShID-Xurosonga qarshi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi kerak. Chunki, so‘nggi yillarda IShID-Xuroson tomonidan yuzaga kelgan umumiy tahdid Eron va Tolibon hukumatini yanada yaqinlashishiga olib keladi.

Nega Tolibon hukumati Isroilga qarshi Eronni qo’llab-quvvatlayapti? 

Tehron rejimi va Tolibon ma’muriyati kuchayib borayotgan munosabatlarini G‘azo mojarosida Isroilga qarshi bir xil kayfiyatda ekanliklari bilan ham yana bir bor tasdiqlashdi. Chunki ikki davlat o‘rtasidagi mafkuraviy tafovutlarga qaramay, ikki hukumat ham Isroilga qarshi kurashda umumiy til topisha olishdi. Eron Islom Respublikasining 13- aprelda Isroilga qarshi uyushtirgan raketa hujumidan so‘ng, Tolibon hukumati ham Isroilga qarshi xuddi shunday harakatni qo‘llab-quvvatlovchi bayonot berdi. Ertasi kuni, 14-aprelda Tolibon tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdul Qahar Balxiy X sahifasida Eronning bu hujumini sionistik rejimga qarshi qonuniy mudofaa ekanligini ta’kidlab o‘tdi. 17-iyun kuni esa Eron Islom Respublikasi va Tolibon tashqi ishlar vazirlari telefon orqali muloqot qilishdi. Ikki diplomat, Bagheri Kani va Amir Xon Muttaqiy, suhbat chog‘ida Isroilga qarshi birgalikda “qo‘shma chora” ko‘rishni va Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarni Isroilga bosim o‘tkazishga qo‘llab-quvvatlash kerakligini muhokama qilishdi. Bundan tashqari, Livanning “Hizbulloh” gazetasi xabar berishicha, Tolibon Tehronni Isroilga qarshi jang qilish uchun minglab askarlarini jo‘natishga tayyor ekanligini ma’lum qilgan. Ma’lumki, 2021-avgustda Tolibon hokimiyatga qaytganidan beri Eron bu hukumatni rasman tan olmagan bo‘lsa-da, diplomatik munosabatlarni kundan kunga rivojlantirib bormoqda. Tolibon hukumati Eron Islom Respublikasini xalqaro hamjamiyatda qat’iy qo‘llab-quvvatlash orqali o‘z hukumatini Eron tomonidan ham xalqaro maydonda tan olinishini ko‘zda tutyapti.

Xulosa. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, so‘nggi yigirma yillikdagi Eron-Afg‘oniston munosabatlarining murakkab dinamikasi ularning o‘zaro aloqalariga ta’sir etuvchi geosiyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik omillarining murakkabligini ko‘rsatadi. Tarixiy qarama-qarshiliklarga qaramay, xususan, IShID-Xuroson kabi umumiy tahdidga ega bo‘lgan ikki davlat, savdo aloqalarini rivojlantirish va Chabahor porti kabi strategik infratuzilmani qo‘llashda hamkorlik yo‘nalishlarini topdi. AQSh-Afg‘oniston urushi davrida Eronning ikki tomonlama yondashuvi va uning Tolibonga nisbatan o‘zgaruvchan pozitsiyasi mintaqaviy muammolarni hal qilishda milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan pragmatik strategiyani namoyish etdi. Global landshaft o‘zgarib borar ekan, bu munosabatlar mintaqada barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda o‘zaro hamkorlik muhimligini ta’kidlamoqda.

JIDU, IXTI Shahzodbek Abdunaimov