Kuch Piramidasi
Mashhur amerikalik siyosatshunos, xalqaro munosabatlar sohasida tanikli ekspert L.Gelb o‘zining mashhur "Power Rules" kitobida "Kuch piramidasi" g‘oyasini kiritgan. Gelbning modeli, u o‘z kitobida tasvirlaganidek, hozirgi zamon dunyosini piramida shaklida tasavvur qiladi. Bu piramida orqali u kuch taqsimotining ierarxiyasini yaratadi va har bir davlatning xalqaro siyosatdagi mavqeini ko‘rsatadi. Dunyo davlatlari bu piramidada har xil darajalarga bo‘lingan bo‘lib, har bir daraja o‘ziga xos kuch, resurs va ta'sirga ega. Gelb kuch piramidasi asosida tasvirlangan dunyo davlatlarining taqsimotini quyidagi ravishda tasvirlaydi:
1.Birinchi daraja (AQSh): Amerika Qo‘shma Shtatlari eng yuqori darajada, dunyodagi eng qudratli davlat sifatida global masalalarda hal qiluvchi kuchga ega. Biroq, u o‘zi mustaqil ravishda hamma narsani boshqara olmaydi va xalqaro hamkorlikka muhtoj.
2.Ikkinchi daraja (Sakkiz asosiy davlat): Xitoy, Yaponiya, Hindiston va boshqa yetakchi davlatlar regional masalalarda kuchli ta'sir ko‘rsatadi. Ammo, global yetakchilik uchun bu davlatlarning imkoniyatlari cheklangan.
3.Uchinchi daraja (Neft va gaz ishlab chiqaruvchilar): Saudiya Arabistoni va boshqa energiya resurslariga boy davlatlar o‘z resurslari orqali kuch va ta'sirga ega. Ularning global kuchi, asosan, neft' va gaz narxlari bilan bog‘liq.
4.To‘rtinchi daraja (Mintaqaviy o‘yinchilar): Meksika, Janubiy Koreya kabi davlatlar o‘z hududlarida muhim rol' o‘ynaydi. Ular global siyosatda yetakchi bo‘lmasa-da, mintaqaviy muammolarni hal qilishda ta'sirchan.
5.Beshinchi daraja (Tinchliksevar mamlakatlar): Shveysariya va Norvegiya kabi davlatlar barqaror va ishonchli, xalqaro diplomatik aloqalarda faol. Ular global kuch sifatida emas, balki mintaqaviy barqarorlikni ta'minlashda kuchli.
6.Oltinchi daraja (Pastki davlatlar yoki muammoli davlatlar): Afg‘oniston, Sudan kabi siyosiy va iqtisodiy jihatdan nozik davlatlar. Ular asosan ichki inqirozlar va qo‘shni davlatlarga bo‘lgan tahdidlar orqali xalqaro e'tiborni tortadi.
7.Yettinchi daraja (Nodavlat aktorlar va Transmilliy korporatsiyalar): ular manfaatlari va harakatlari bo‘yicha juda xilma-xil guruh bo‘lib, ko‘pincha bir-biriga qarama-qarshi manfaatlar yo‘lida harakat qilishadi. Ular endilikda butun dunyo bo‘ylab hukumatlar, jamiyatlar va shaxslar bilan chuqur bog‘langan holda faoliyat yuritayotgani ta'kidlanadi.
Kuch Piramidasi
Saidov Shohruh (IXTI,JIDU)