Margaret Tetcher 1979-1990-yillarda Buyuk Britaniya bosh vaziri. U 2002-yilda Jahon siyosatining va xalqaro munosabatlarda mashhur bo‘lgan “Statecraft” asarini yozgan. Asar XX asr 70-yillaridan to XXI asr boshigacha bo‘lgan davrdagi xalqaro munosabatlardagi voqea-hodisalarni real-politik nuqtai-nazaridan kelib chiqib tahlil qiladi. Asarda ko‘pincha Tetcher o‘zi borgan, tashrif buyurgan, shug‘ullangan narsalar haqida bayon etadi. Asar muqaddimasini M.Tetcher “Ushbu kitob Ronald Reyganga bag‘ishlangan...” deb boshlaydi. Asar umumiy tahlil qilinsa, Tetcher har bir mintaqadagi Amerika manfaatlaridan kelib chiqqan holda geosiyosiy muhim aktorlarga to‘xtalib o‘tadi. Masalan:
- Yaponiya – Mintaqada Xitoy bilan kuchlar balansini ushlab turishga qodir muhim sub'ektdir. U o‘z xavfsizligini ta'minlash uchun qurollantirilishi kerak.
- Indoneziya – Shunga ahamiyatliki, u eng yirik musulmon demokratik davlatdir. U yerda demokratik barqarorlik o‘rnatilishi musulmon olamidagi davlatlar uchun o‘rnak bo‘la oladi.
- Tayvan – Garchi u bir kun kelib Xitoy bilan birlashishi mumkin bo‘lsa-da, AQSh Tayvandagi demokratiyani qo‘llashi kerak. Tayvan – Xitoyda demokratiya o‘rnatish mumkinligiga yaxshi misol bo‘ladi.
- Rossiya – Global davlat maqomini olmasa-da, biz u bilan hisoblashishimiz lozim. U kuchli yadroviy davlat va Yevroosiyo mintaqasida muhim rol' o‘ynaydi.
- Hindiston – Mintaqada real kuchga aylanish imkoniyatiga ega davlat. Shuningdek, u dunyodagi eng yirik demokratiyadir. U o‘zining iqtisodiy va harbiy qudrati orqali, shubhasiz, global xavfsizlikda muhim rol' o‘ynay oladi.
- Yevropa Ittifoqi – Iqtisodiy hamkorlik tashkilotidan boshqa hech narsa emas. Bu ittifoq zamirida Amerikadan mustaqillikka intilish g‘oyasi yotadi. Uning umumiy xavfsizlik, umumiy harbiy qo‘shin tuzish kabi maqsadlari mumkin emasdir. U faqat erkin savdo bozorlari uchun manfaatlidir.
Xulosa qilib aytganda, garchi M.Tetcher Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘z asarini Amerika manfaatlari nuqtai nazaridan kelib chiqib yozadi. Bu AQSh va Buyuk Britaniya hamkorligining qanchalik yaqinligini namoyon etadi.
Manba: Saidakbar Shamsiev, JIDU IXTI