O'zbek xalqaro munosabatlar nazariyasi maktabi

 


O‘zbek xalqaro munosabatlar nazariyasini yaratish zarurati zamonaviy talablardan biriga aylanmoqda. Bugungi global sharoitda O‘zbekistonliklar xalqaro jarayonlarni G‘arb nazariyalari orqali emas, balki o‘z siyosiy va milliy qarashlari asosida tahlil qilishlari juda muhimdir. Bu esa, xalqaro munosabatlarni milliy manfaatlar nuqtai nazaridan ko‘rib chiqishga, mamlakatning o‘ziga xosliklarini hisobga olgan holda mustaqil va original nazariy yondashuvlarni ishlab chiqishga imkon yaratadi.


O‘zbek xalqaro munosabatlar nazariyasini rivojlantirish, nafaqat mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga yordam beradi, balki umumiy global muammolarga milliy nuqtai nazardan yechim topishga hissa qo‘shishi mumkin. Milliy-siyosiy qarashlar, tarixiy tajriba va madaniy o‘zlik asosida ishlab chiqilgan yondashuvlar O‘zbekistonning tashqi siyosatini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

       

Bunday nazariyani hayotga tatbiq qilish va mukammal shakllantirishga keling, birgalikda hissa qo‘shaylik va uni yaratishda hamkorlik qilaylik!



Xalqaro munosabatlar tarixi odatda 1648-yildagi Vestfaliya konferensiyasidan boshlanadi. Aynan shu konferensiya zamonaviy dunyo tartibining asoslarini yaratib, davlatlarning suvereniteti va tengligi tamoyillarini belgilab berdi. Biroq, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun xalqaro munosabatlar yanada chuqurroq tarixga ega. Bu yerda ular Yevropa tushunchalari bilan chegaralanmaydi va Vestfaliyadan ancha oldin paydo bo‘lganini ko‘plab davlatlar, imperiyalar va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar isbotlaydi.

Markaziy Osiyo, jumladan zamonaviy O‘zbekiston hududi, Sharq va G‘arbni bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘lining muhim chorrahasi bo‘lib, keng xalqaro aloqalarga zamin yaratgan. Dastlabki davrlardayoq va o‘rta asrlarda bu hududdagi Baktriya, So‘g‘diyona, Somoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar kabi davlatlar Xitoy, Eron, Vizantiya, Hindiston va arab dunyosi bilan faol diplomatik munosabatlarni va savdo aloqalarini rivojlantirgan. Ushbu munosabatlar mintaqani xalqaro siyosat va iqtisodiyotning markaziy ishtirokchisiga aylantirib, Yevropadagi 1648-yilgi shartnomalardan ancha oldin global siyosiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatgan.


Keling O'zbek xalqaro munosabatlar nazariyasini mana shu omillarni tahlil qilgan holda boshlaymiz!



Tashabbuskorlar: JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti jamoasi.