Bugungi kunda barcha davlatlar Afg‘onistonga o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib munosabatda bo‘lishmoqda. Pekin, Moskva va Tehron toliblar hukumati bilan yaqin aloqalar o‘rnatayotgan bo‘lsa, G‘arb davlatlari Afg‘onistondagi vaziyatdan xavotirlanib, ma’lum darajada Afg‘oniston masalasini kun tartibidan "inkor qilishga" harakat qilmoqda. Pokistonga kelsak, Kobul va Islomobod o‘rtasida ma’lum bir keskinlik mavjud. Markaziy Osiyo davlatlari esa Afg‘onistonga nisbatan pragmatik siyosat yuritmoqdalar.
Bunday turli yondashuvlar Afg‘onistondagi vaziyatni va afg‘on xalqining ahvolini yomonlashtiradi. Qo‘shni davlat sifatida O‘zbekiston bu holatni jiddiy qabul qilmoqda, chunki O‘zbekistonning xavfsizlik, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi manfaatlari ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyatga bog‘liq. Shuningdek, Toshkent uchun Afg‘oniston Markaziy Osiyoning bir qismi bo‘lib, bu O‘zbekistonning Afg‘onistonga bo‘lgan qiziqishini tushuntiradi.
Jahon hamjamiyatining umumiy va yagona strategiyasi Afg‘oniston bilan bog‘liq muhim masalalarni osonlashtiradi: gumanitar yordamni oshirish, Trans-afg‘on koridori, TAPI, CASA-1000 va boshqa yirik savdo-logistika va energetika loyihalarini amalga oshirish. Shuningdek, yagona strategiya Afg‘onistonda inklyuziv hukumat qurilishiga va inson huquqlarini himoya qilishga yordam berishi mumkin. Muvofiqlashtirilgan yondashuv investitsiya muhitini yaxshilaydi, bu mamlakatdagi ijtimoiy turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan yana qanday prinsiplari bor?
Pragmatizm O‘zbekistonning afg‘on yo‘nalishi bo‘yicha tashqi siyosatining xos belgisiga aylandi. Toshkent Tolibon hokimiyatini fakt deb bilib, unga zamonaviy realliklardan kelib chiqib munosabatda bo‘lish g‘oyasini ilgari surmoqda. O‘zining geografik joylashuvini inobatga olgan holda O‘zbekiston Afg‘oniston faktorini "inkor qila olmaydi".
Afg‘onistonda gumanitar yordamni kuchaytirish, ya’ni iqtisodiyotni barqarorlashtirish va rivojlantirish, ishsizlikni kamaytirish, ish haqini oshirish, ta’lim va tibbiyot sifatini yaxshilash O‘zbekistonning mazkur davlatga nisbatan navbatdagi tamoyilidir. Toshkent toliblar hokimiyatini tan olishdan ko‘ra afg‘on xalqi ijtimoiy hayotini yaxshilash masalasiga ko‘proq ahamiyat beradi. Davlatning muzlatilgan aktivlarini xalqiga qaytarish chaqiriqlari mazkur siyosatni tasdiqlaydi.
Inklyuziv hukumat qurish Toshkentning jahon arenasida ilgari surayotgan yana bir tamoyilidir. Afg‘onistondagi barcha etnik va siyosiy ozchiliklarning siyosiy irodasi va huquqlarini hisobga olish barqarorlik kafolatiga aylanishi mumkin, bu O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi ustuvor manfaatlaridan biridir.
O‘zbekistonning Afg‘onistondagi manfaatlari qanaqa?
Afg‘onistondagi xavfsizlik masalasi O‘zbekistonning milliy tashqi siyosat manfaatlaridan biridir. Afg‘oniston Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi sifatida butun mintaqa barqarorligi va xavfsizligiga ta’sir qiladi. ISHIDning kuchayishi (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 9 mingga yaqin jangarini tashkil etadi), shu yil mart oyida Moskvada sodir bo‘lgan teraktlar, Texrik-Tolibon Pokistonning ommalashuvi va Durand chizig‘i bo‘ylab otishmalar O‘zbekistonning xavfsizlik sohasidagi xavotirini oshiradi. Toshkent xavfsizlikni saqlash bo‘yicha ham Kobul bilan, ham BMT, MDH, SHHT, TDT va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat kengashlari kabi xalqaro formatlarda muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi.
Dengiz portlariga chiqish.
Geografik izolyatsiya O‘zbekiston tashqi siyosatida dengiz portlariga chiqish yo‘llarini qidirish akseleratorlaridan biridir. Afg‘oniston Pokistonning Gvadar va Karachi kabi portlariga chiqish bo‘yicha tranzit hududi bo‘lib, Toshkentning transport-logistika maqsadlarida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajaradi. Shuning uchun O‘zbekiston Trans-afg‘on koridorini barpo etish jarayonini kuchaytirmoqda. Masalan, 2023 yildan boshlab Toshkentda loyihani amalga oshirish bo‘yicha mintaqaviy ofis faoliyat yuritmoqda.
Tranzit hududi.
Termiz-Mazori-Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘lini amalga oshirish Markaziy va Janubiy Osiyo va umuman, Yevroosiyo superkontinentida savdo-iqtisodiy yo‘llarni o‘zgartirish uchun katta salohiyatga ega. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilganda, O‘zbekistonning o‘zi Shimol va Janub hamda G‘arb va Sharq o‘rtasida savdo munosabatlarida tranzit hududiga aylanishi mumkin. Rossiya va Qozog‘iston ushbu koridorga Janubiy Osiyo bozoriga chiqish uchun katta qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, qurilayotgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini kelgusida ushbu koridorga ulash imkoniyati ham mavjud. Bu holat O‘zbekiston iqtisodiy muhitiga ijobiy o‘zgarishlar kiritishi mumkin.
Bundan tashqari, barqaror Afg‘oniston sharoitida O‘zbekiston Shimol-Janub va Chobahor koridori orqali tranzit hududiga aylanishi mumkin, bu esa O‘zbekiston va Afg‘onistonning Eron va Hindiston bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarini mustahkamlaydi.
Yangi iqtisodiy hamkor.
Afg‘onistondagi barqarorlik iqtisodiy rivojlanishga yo‘l ochadi. Bunday holda Afg‘oniston O‘zbekiston uchun yangi iqtisodiy hamkor va bozorga aylanishi mumkin. O‘tgan yili ikki tomonlama savdo aylanmasi 784 million dollarni tashkil etdi. Asosiy sotiladigan mahsulotlar elektr energiyasi, o‘g‘itlar va quritilgan mevalar bo‘ldi.
Xalqaro imij.
O‘zbekiston uchun Afg‘onistonning barqarorligi muhimdir, chunki bu O‘zbekistonning xalqaro imijiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Beqarorlik zonasi, Al-Qoida va ISHID terrorchilik tarmoqlarining boshpana sifatidagi reputatsiyasiga ega qo‘shni davlat O‘zbekiston bilan bog‘liqlik chet ellik investitsiyalarni jalb qilishga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Afg‘onistonda iqtisodiyot, xavfsizlik, inson huquqlari va ijtimoiy hayot sohalaridagi ijobiy o‘zgarishlar "iston" davlatlarining investitsion jozibadorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Xulosa.
Afg‘oniston O‘zbekistonning grand strategiyasida xavfsizlik, dengiz portlariga chiqish, xalqaro tranzit hududiga aylanish, iqtisodiy hamkorlik hamda mamlakatning xalqaro imijini mustahkamlash kabi masalalarda muhim rol o‘ynaydi. Shu nuqtayi nazardan, bugungi kunda Toshkent afg‘on yo‘nalishida yagona va izchil strategiyaning ishlab chiqilishini ilgari surmoqda.