Yoxan Rudolf Chellen (1864-1922) shved siyosatshunosi, geografi va siyosatchisi bo‘lib, fanga ,,geosiyosat" atamasini birinchi bo‘lib kiritgan olim hisoblanadi. Chellen mashhur nemis geografi va etnografi Fridrix Ratzelning o‘quvchisi edi va uning asosiy g‘oyalari 1900-yilda nashr etilgan "Shvetsiya geografiyasiga kirish" hamda 1916-yilda nashr etilgan ,,Davlat hayot shakli sifatida" asarlarida keltirilgan.
Uning fikriga ko‘ra, davlatlar har qanday tirik shakl kabi kengayishi yoki o‘lishi kerak. Unga ko‘ra, bu boshqa hududlarni egallash uchun sabab emas, balki davlat o‘zini-o‘zi saqlab qolishi va yuksalishi uchun tabiiy zarurat hisoblanadi. Shunigdek u yirik davlatlar kichik davlatlar hisobiga kengayishi kerak deb hisoblagan.
Chellen o‘zini siyosatda ham sinab ko‘radi va konservativ siyosatchi sifatida Shvetsiya parlamentida faoliyat yuritadi. U kutilayotgan Rossiya ekspansiyasidan qo‘rqar edi va uning fikriga ko‘ra Shvetsiya va Finlandiya Rossiya imperiyasiga qarshi turishi uchun yanada kuchli bo‘lishi va o‘zining hududlarini kengaytirishi kerak edi. U bu maqsadni amalga oshirish uchun o‘ziga tarafdorlar yig‘ishga harakat qiladi, lekin bu g‘oya amalga oshmasligi aniq bo‘lgandan so‘ng, u barcha umidlarini Rossiya va Buyuk Britaniyaga qarshi turish uchun Germaniyaga qaratadi. U ,,Buyuk Germaniya"ning bo‘lajak xaritasini tuzib chiqadi, unga ko‘ra Markaziy va G‘arbiy Yevropa, Ukraina va Mesopatamiya ushbu xaritaga kirishi kerak edi.
Uning ko‘pgina g‘oyalari keyinchalik nasistlar mafkurasiga jiddiy ta'sir ko‘rsatgan Karl Xausxofer tomonidan qabul qilinadi va rivojlantiriladi. U asos solinishiga va rivojlanishiga jiddiy ta'sir ko‘rsatgan geosiyosat ilmi keyinchalik AQShda Zbignev Bjezinskiy, Genri Kissinjer va Robert Kaplan tomonidan qayta tiklandi va rivojlantiriladi.
Ma'lumot Ramziddin Obloqulov (IXTI, JIDU) tomonidan tayyorlandi.