XITOY XALQ RESPUBLIKASI IQTISODIY JIHATDAN AFGʻONISTON VA POKISTON BILAN OLIB BORAYOTGAN SIYOSATI: OʻZARO HAMKORLIK, SAVDO VA ERISHILGAN NATIJALAR

 


O‘zaro hamkorlik yo‘nalishlar. Afg‘onistondagi siyosiy o‘zgarishlar: Oldingi hukumatdan Tolibon hukumatiga o‘tishi. Afg‘oniston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar so‘ngi o‘n yillikda sezilarli darajada rivojlandi. Ikki davlat o‘rtasida 2016-yilda "Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi" bitim imzolangandi, bu esa Afg‘onistonning Xitoydan infratuzilma, energetika, transport va savdo sohalarida sarmoya kiritishni kutganini ko‘rsatdi. Shuningdek, 2017-yilda Afg‘oniston Xitoyning "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusiga qo‘shilib, Xitoyga Afg‘onistonda yo‘llar, ko‘priklar va boshqa infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda imkoniyatlar yaratdi. Shu bilan birga, o‘z navbatida, Xitoy Afg‘onistonda turli sohalarda loyihalar amalga oshirishni rejalashtirdi. Masalan, 2010-yilda Xitoyning "China National Petroleum Corporation" (CNPC) kompaniyasi Afg‘onistonda neft qazib olish loyihasini amalga oshirishni boshladi. Shuningdek, temir yo‘l qurilishi va energetika sohasiga sarmoya kiritishga intildi. Ammo, 2021-yil avgustida Tolibon hokimiyatga kelishi bilan bu loyihalar ko‘plab to‘siqlarga duch keldi va Afg‘onistondagi siyosiy beqarorlik va xavfsizlik muammolari Xitoyning sarmoyalarini himoya qilishda jiddiy to‘siqlar yaratdi. Tolibonning hokimiyatga kelishi bilan Xitoyning iqtisodiy siyosatida o‘zgarishlar yuz berdi. Lekin, xavfsizlik muammolariga qaramay, Xitoy Tolibon bilan iqtisodiy hamkorlikni davom ettirishni afzal ko’rdi va bir nechta bitimlar ham tuzdi . Buning sababi shuki, Afg‘onistonning tabiiy resurslari, jumladan, mis, temir va boshqa foydali qazilmalari Xitoy uchun strategik ahamiyatga egaligidir. 

Hozirgi kunda Xitoy Afg‘onistonda qishloq xo‘jaligi va infratuzilma loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan sarmoyalarni davom ettirishga harakat qilmoqda. Masalan, Xitoyning "China Road and Bridge Corporation" (CRBC) kompaniyasi Afg‘onistondagi infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritishda faol ishtirok etmoqda. 2022-yilda esa Xitoy Tolibon hukumatiga 30 million dollar miqdorida gumanitar yordam va boshqa iqtisodiy yordamni ham taqdim etdi. Bu yordamdan Afg‘onistonda xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiy barqarorlikni oshirishga yordam berilishi nazarda tutilgan edi va qisman ta’siri ham bo‘ldi. Hozirda Xitoyning Afg‘oniston bilan bo‘lgan iqtisodiy aloqalari, siyosiy va xavfsizlik holatiga qaramay, rivojlanishda davom etmoqda.

Xitoyning "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusidagi Afg‘oniston va Pokistonning roli. Xitoyning "Bir makon, bir yo‘l" (BRI) tashabbusi doirasida Xitoy Janubiy Osiyo mintaqasiga katta e’tibor qaratmoqda. Chunki, Xitoy uchun Pokiston Xitoy-Pokiston Iqtisodiy Koridori (CPEC) orqali Markaziy Osiyoga, Yaqin Sharq va Afrikaga chiqish imkoniyatini kengaytirayotgani sababli, muhim savdo hamkori hisoblanadi. Afg‘onistonning roli esa quruqlikda joylashgan mamlakatlarni dengiz portiga chiqishda eng qisqa yo‘l sifatida, tabiiy resurslar va infratuzilma loyihalari orqali iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan strategiyalarni amalga oshiradi. Bu strategiyalar Xitoyning Afg‘onistonga sarmoya kiritishni davom ettirishini ta'minlab, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo o'rtasidagi savdo va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Xitoy-Pokiston Iqtisodiy Koridori (CPEC) loyihasi va uning mintaqaga ta’siri. 

Xitoy 2015 yilda Pokiston hamda Markaziy va Janubiy Osiyo boʻylab savdo aloqalari va taʼsirini kengaytirish maqsadida CPEC loyihasini eʼlon qildi. Xitoyning Pokiston bilan bo‘lgan iqtisodiy hamkorligi, ayniqsa, CPEC orqali kengaymoqda. CPEC, Xitoyning mintaqadagi eng yirik loyihalaridan biri bo‘lib, Pokistonning infratuzilmasi va iqtisodiy o‘sishiga sezilarli hissa qo‘shdi. Bu loyiha Xitoyga Gwadar porti orqali Markaziy Osiyoga dengizga chiqish imkonini berish bilan birga, Pokistonga yangi ish o‘rinlari yaratadi va iqtisodiy o‘sishini yanada yaxshilaydi. Gwadar porti, shuningdek Pokistonni xalqaro markazga aylantirishi mumkin.

Savdo munosabatlari. 

Xitoy, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi savdo hajmi va asosiy mahsulotlar. So‘ngi o‘n yilda Xitoy, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo hajmi sezilarli darajada o‘sdi. Xitoyning Pokistonga eksporti, asosan, texnik mahsulotlar (elektronika, kompyuter texnikasi), qurilish materiallari va mashinalardan iborat bo‘lgan. Fakt o‘rnida, 2020-yilda Xitoy Pokistonga 10,2 milliard dollar miqdorida eksport qilgan. 2021-yilga kelib, Xitoy va Pokiston o‘rtasidagi savdo hajmi 19 milliard dollarga yetdi. Afg‘oniston bilan savdo hajmi ham oshgan bo‘lib, 2020-yilda Xitoy Afg‘onistonga 520 million dollarlik tovar eksport qilgan. Afg‘oniston esa, asosan, Xitoyga tabiiy resurslar (masalan, mis, ko‘mir) va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (paxta, meva) eksport qilgan.

Savdo to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlar. 

Xitoy, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida savdo to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha bir qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Xitoy va Pokiston o‘rtasidagi savdo 2015- yilda imzolangan Xitoy-Pokiston Erkin savdo bitimi (FTA) orqali kuchaydi. 2020-yilda Pokiston Xitoyga 2,5 milliard dollar eksport qilgan bo‘lib, bu savdo bitimi Pokistonning Xitoyga bo‘lgan eksportini 17% ga oshirishga yordam berdi. 2023-yilda Pokiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo hajmi yana o‘sib, 25 milliard dollarga yetdi. Afg‘oniston bilan hamkorlikda esa “Afg‘oniston-Xitoy-Iran” temir yo‘li va “Kunduz-Shinjan” chegara savdo zonalari kabi hududiy transport loyihalari amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar savdo jarayonlarini yanada tezlashtirishga yordam berdi. Shuningdek, chegara hududlarida savdo markazlarini rivojlantirishga oid tashabbuslar yaratdi. Biroq, siyosiy va xavfsizlik tahdidlari savdo jarayonlarini murakkablashtirmoqda. Afg‘onistonning siyosiy beqarorligi va Pokistonning chegara hududlaridagi xavfsizlik muammolari, jumladan, terrorizm xavfi, savdo o‘tkazishning samarali va xavfsiz amalga oshirilishini qiyinlashtirdi. 2021-yildan so‘ng Tolibonning hokimiyatga kelishi Afg‘onistondagi siyosiy vaziyatni o‘zgartirganiga qaramay, Xitoy ushbu mintaqada iqtisodiy hamkorlikni davom ettirish pozitsiyasini tanlagan. Xitoy, shuningdek, Afg‘onistonning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga yordam berish uchun gumanitar yordam va infratuzilma loyihalarini amalga oshirayotganligini e’lon qilib bormoqda. 

Erishilgan natijalar va muammolar. Muvaffaqiyatga erishilgan sohalar: infratuzilma, transport, energetika. Xitoyning mintaqada amalga oshirgan iqtisodiy loyihalari, xususan Pokistondagi CPEC (Xitoy-Pokiston Iqtisodiy Koridori) va Afg‘onistondagi infratuzilma loyihalari, mintaqaviy iqtisodiy o‘sish va barqarorlikka katta hissa qo‘shgan. CPEC loyihasi Pokistonning transport va energetika infratuzilmasini yaxshilashga yordam beradi. 2015-yildan boshlab, CPEC orqali Xitoy Pokistonga 62 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritgan va bu loyihaning bir qismi sifatida yangi avtomobil yo‘llari, temir yo‘l tarmoqlari va portlar qurilgan.

Ushbu loyihalar Pokistonning iqtisodiy o‘sishini va energetika sohasini rivojlantirishga yordam berdi. 2023-yilga kelib, Pokistonda energiya ta’minoti yaxshilandi va yangi energetika manbalariga sarmoya kiritildi.Afg‘onistonda esa Xitoy o‘zining infratuzilma loyihalarini hozir ham davom ettirmoqda. 2010- yilda Xitoyning China National Petroleum Corporation (CNPC) kompaniyasi Afg‘onistonda neft qazib olishni boshladi. 2022-yilda esa Xitoy Afg‘onistonda yangi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun 30 million dollar miqdorida gumanitar va iqtisodiy yordam ko‘rsatdi. Xitoy, shuningdek, Afg‘onistonning tabiiy resurslariga qaratilgan loyihalarga ko‘proq sarmoya kiritmoqda, bu resurslar, jumladan, mis, temir, va boshqa foydali qazilmalardir.

Muammolarga keladigan bo‘lsak, bu xavfsizlik va insonlar o‘limi bilan bog‘liqdir. Xususan, Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridorida (CPEC) ishlayotgan xorijliklarga 2020 va 2024 yillar davomida jami sakkizta hujum sodir bo‘lgan, natijada 62 kishi halok bo'lgan. CPEC loyihalarida ishlayotgan xitoylik muhandislarga ikkita hujum Balujistonda, to‘rttasi Sindda va ikkitasi Xayber-Paxtunxvada sodir bo‘lgan. 2021-yil aprel oyida esa Xitoy elchisi joylashgan Kvetta shahri janubig‘arbidagi hashamatli mehmonxona oldidagi xudkushlik hujumi natijasida to‘rt kishi halok bo‘ldi va o‘nlab kishilar jarohatlangan. Ta’kidlash joizki, “erkinlik tarafdori” Baloch isyonchi guruhi, Baloch Ozodlik Armiyasi (BLA) Majid Brigadasi CPEC loyihasida ishlayotgan Xitoy fuqarolariga nisbatan yuqori darajadagi hujumlar ortida turgan. Ayni paytda, hukumatning rasmiy ma‘lumotlaridan farqli o‘laroq, o‘lim va hujumlar soni aytilganidan ko‘proq bo‘lishi ham mumkin. Negaki, Baluj etnik ozchilik jangarilaridan tashkil topgan guruh Xitoyni Pokistonga provinsiyaning tabiiy resurslaridan foydalanishda yordam berishda ayblab, Pekinni CPEC va boshqa sarmoyalarini olib tashlashga chaqirib keladi. CPEC loyihalari ishga tushirilgandan so‘ng, Pokiston armiyasi ushbu tashabbuslarni butun mamlakat bo‘ylab himoya qilish uchun 13 000 dan ortiq askardan iborat maxsus tayyorlangan bo‘linmani tuzdi. Ammo, bu xitoylik fuqarolarga qilingan hujumlar ushbu harbiy qismning samaradorligi borasida xavotirlar tug‘diradi. 

Xulosa. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, so‘nggi o‘n yillikda Xitoyning Afg‘oniston va Pokiston bilan olib borgan iqtisodiy siyosati mintaqadagi hamkorlik va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shdi.“Bir makon, bir yo‘l” va CPEC kabi loyihalar orqali Janubiy Osiyoda infratuzilma, energetika va savdo sohalaridagi aloqalarni yanada yaxshilanishiga olib keldi. Afg‘onistonda siyosiy o‘zgarishlar, ayniqsa Tolibon hokimiyatga kelishi, Xitoyning iqtisodiy faoliyatiga ba’zi to‘sqinliklar va muammolar yaratishiga qaramay, Xitoy Afg‘oniston orqali boshqa davlatlar bilan savdo yo‘llarni ochishga bo‘lgan intilishi, hamda tabiiy resurslarga bo‘lgan qiziqishi va strategik loyihalari tufayli aloqalarni davom ettirdi. Pokiston bilan hamkorlik CPEC loyihasi orqali kuchayib, transport va energetika infratuzilmasining rivojlanishiga yordam berdi. Bunda ham ko‘plab mahalliy aholi bilan kuzatilgan muammolar hatto o‘limlar bo‘lishiga qaramay. Xitoyning iqtisodiy siyosati mintaqadagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hamda boshqa davlatlar uchun ham yaxshigina iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlarini yaratadi, ammo siyosiy beqarorlik va xavfsizlik muammolari buni murakkab vaziyat bo‘lishidan dalolat beradi.

Ramazon Ziyoqulov Shuhrat o‘g‘li JIDU, IXTI