DeepSeek: Xitoy va AQSh o‘rtasidagi texnologik raqobat timsoli sifatida

 


Annotatsiya. Ushbu maqolada AQSh va Xitoy o‘rtasidagi texnologik raqobatning mohiyati va uning sun’iy intellekt (SI) sohasidagi ta’siri tahlil qilinadi. Xitoyning SI sohasidagi yutuqlari, DeepSeekning GPT modellari bilan raqobatlasha olishi va AQShning bu boradagi strategiyalari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, texnologik ustunlik uchun kurashning global iqtisodiyot va innovatsiyalar rivojiga ta’siri muhokama qilinadi. Shuningdek, Xitoyning DeepSeek kompaniyasi tomonidan yaratilgan DeepSeek chatboti va uning bugungi kundagi salohiyati o‘rganiladi.

Kirish. So‘ngi yillarda AQSh va Xitoy o‘rtasida global texnologik raqobat uchun kurash yaqqol ko’zga tashlanmoqda. Ayniqsa, SI, 5G internet tarmog‘i va chipishlab chiqarish sohasidagi yutuqlar ikki davlat o‘rtasidagi raqobatni yanada kuchaytirmoqda. Xitoyning DeepSeek modeli OpenAI va Google tomonidan ishlab chiqilgan ilg‘or SI tizimlariga asosiy muqobil sifatida ko‘rilmoqda. DeepSeek SI modellarini rivojlanish sur’atini oshiribgina qolmay, Xitoyning texnologik mustaqilligini taminlashda ham muhim rol o‘ynamoqda. Shuningdek, ushbu davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar va sanksiyalar boshqa davlatlarning iqtisodiy va innovatsion taraqqiyotiga ta’sir o‘tkazmoqda.

Bugungi kunda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi texnologik raqobat quyidagi yo‘nalishlarda namoyon bo‘lmoqda.

  1. Sun’iy intellekt (SI) – ushbu sohada AQSh kompaniyalari, jumladan, OpenAI, Google DeepMind va Microsoft yetakchi hisoblanadi. Xitoy esa DeepSeek, Baidu va Huawei kabi kompaniyalarini SI sohasida AQSh kompaniyalari va texnologiyalariga raqobatchi sifatida alternativ SI platformalarini jadal rivojlantirmoqda.
  2. Chip ishlab chiqarish – texnologik rivojlanishda AQSh Xitoyni ortda qoldirish maqsadida, Xitoyning ilg‘or chiplar ishlab chiqarishni cheklash uchun Nvidia va AMD kompaniyalariga sanksiyalar qo‘lladi. Shuningdek, AQSH dunyoning engyirik chip texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi Tayvanning TSMC kompaniyasibilan hamkorlikda AQSH hududida chip ishlab chiqaruvchi zavod qurmoqda. Xitoy bunga javoban chip ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga 47 milliard dollar investitsiya kiritib, SI chiplarni ishlab chiqarishni jadallashtirdi. Jumladan, Huawei Ascend chiplarini ishlab chiqarishni boshladi.
  3. 5G internet tarmog‘i – Xitoyning Huawei va ZTE kompaniyalari global 5G infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallagan. AQSh va Yevropa mamlakatlari esa Huawei kompaniyasi texnologiyalaridan foydalanishni cheklashga urinmoqda.

Sun’iy intellekt sohasidagi raqobat

DeepSeekni yaratilishi SI sohasida hayratlanarli hodisa bo‘ldi. Chunki Xitoyning texnologik mustaqilligini oshirishga va global SI bozorida raqobatni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. DeepSeek — bu sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi xitoylik kompaniya hisoblanadi. Kompaniya 2023-yil may oyida High-Fler xedj-fondi asoschisi Liang Wenfeng tomonidan tashkil etilgan. DeepSeekning asosiy maqsadi — sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va ularni ochiq manbali qilish orqali keng jamoatchilikka taqdim etishdir. Kompaniya o‘zining murakkab mantiqiy tahlil, matematik masalalar va kodlashkabi vazifalarni bajaruvchi DeepSeek-V3 va uning takomillashgan modeli DeepSeek-R1 modellari bilan tanilgan. Ular yuqori samaradorlik va past xarajatlar bilan ajralib turadi. G‘arb davlatlari tomonidan Xitoyning sun’iy intellekt tizimlari hamda texnologiyalarini rivojlantirish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan sanksiyalari Pekinni ichki innovatsiyalar, mavjud texnologik imkoniyatlarni rivojlantirishga undadi. 2022-yilda High-Fler kompaniyasi sun’iy intellekt (SI) tizimlarini qurish vaishlatish uchun 10 ming dona A100 NVIDIA protsessor chiplarini yig‘di. Shundan so‘ng AQSH ushbu chiplarni Xitoyga sotishni taqiqladi. Eng muhimi, DeepSeek so’nggi yillarda butun dunyoda keng foydalanilayotgan ChatGPT texnologiyasiga alternativ sifatida yaratildi. DeepSeekning rivojlanishi kelajakda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi texnologik raqobatda muhim burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Chunki Xitoy bugungi kunda asosiy e’tiborini rivojlanayotgan davlatlar, xususan Global Janub davlatlarida o’z pozitsiyasini mustahkam o’rnatishga harakat qilmoqda. Mazkur harakatlarning texnologik maydonga ko’chisi yo’lida Xitoy faol tarzda o’z texnologik standartlarini o’rnatishga kirishmoqda, buning bir misoli sifatida DeepSeek texnologiyasini faol tarzda Global Janub davlatlariga taklif va targ’ibot qilayotganida yaqqol ko’rishimiz mumkin. Buning natijasida ikki global kuchlar o’rtasidagi raqobat ularning boshqa mintaqadagi davlatlar, jumladan Markaziy Osiyo davlatlarining ushbu davlatlar bilan texnologiyalar sohasidagi hamkorligiga bevosita ta’sir qilishi mumkin.


AQSH TOMONIDAN XITOYNI TEXNOLOGIKRIVOJLANISHIGA NISBATAN QO’LLANAYOTGANSANKSIYALARNING BIR NECHA SABABLARI MAVJUD

    Xitoyni texnologik mustaqillikka erishishi va o’z texnologik standartlarini yaratish orqali uzoq yillar davomida amalda bo’lgan Garb texnoligik standartlarini almashtirish xavfida;

AQSh hukumati dunyoning yirik texnolgiyalar yaratruvchi kompaniyalarining (TSMC, NVIDIA va b.), asosan tasvir va videoga ishlov berish uchun mo‘ljallangan GPU va SI chiplari Xitoyning harbiy dasturlarida, jumladan, qurol-aslaha tizimlarini rivojlantirish va kiberxavfsizlikda ishlatilishidan xavotirda; 

AQSH sun’iy intellekt sohasidagi yetakchilikni saqlab qolmoqchi

Ushbu xavf-xatarlarni xisobga olib AQSH mudofaa boshqarmasi DeepSeek dan foydalanishni taqiqladi, shuningdek, AQSH chorlovi asosida Avstraliya va bir necha rivojlangan davlatlar DeepSeekdan foydalanishni chekladi. Shuningdek, Counterpoint Research SI bo‘yicha tahlilchisi Wei Sun “DeepSeek zamonaviy SI modellarini cheklangan hisoblash resurslari bilan ishlab chiqish mumkinligini isbotladi” deya o‘z fikrlarini bildirdi. Bu chatbotni yaratishda Xitoyda taqiqlanmagan past ko‘rsatkichli H800 chiplaridan foydalandi. Ushbu chatbotni yaratilishiga 6 million dollar sarflangan. Bu esa boshqa sun’iy inteleklarga qaraganda ancha arzon. Xususan, ChatGPT-4 ni ma’lumotlar bilan boyitish uchun 100 million dollardan ortiq mablag‘ sarflangan, murakkab vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan Gemini Ultraga esa Google kompaniyasi 191 million dollar sarflagan. Bundan tashqari, dunyodagi yetakchi sun’iy intellekt kompaniyalari chatbotlarni ma’lumotlar bilan boyitish uchun superkompyuterlardan foydalanadi. Bu esa 16 000 tagacha yoki undan ko‘p chiplarni talab qiladi. Ammo DeepSeek muhandislari Nvidia tomonidan ishlab chiqarilgan atigi 2000ga yaqin chiplardan foydalangan holda bunday samarali yangi modelni tayyorladilar va xom hisoblash quvvatiga atigi 6 million dollar sarfladilar.


DEEPSEEK YARATILISHINING DUNYO TEXNOLOGIYALAR RIVOJLANISHIGA TA’SIRI

2025-yil 10-yanvarda DeepSeek o‘zining birinchi bepul chatbot ilovasini Apple iOS va Android dastur tizimlari uchun chiqardi. Apple iOS tizimi faqatgina Apple texnika va texnologiyalarida mavjud. Bunga doir ilovalar, turli hil programmalar va o‘yinlarni App Store platformasidan yuklab olinadi. Darhaqiqat, Apple kompaniyasi ushbu platformaga faqat ishonchli bo‘lgan ilovalarni tadbiq etadi. Shuningdek, DeepSeek ilovasini Apple iOS da tadbiq etilishi bu uning ishonchli va sifatliligidan dalolat beradi. Ammo ba’zi mamlakatlar buning ishonchliligiga shubha bildirmoqda. Jumladan, Avstraliya hukumati DeepSeekni davlat qurilmalarida va tizimlarida taqiqlab qo‘ydi. Bu esa milliy xavfsizlikka xavf tug‘dirishini ham aytib o‘tdi. Italiya ham 30-yanvar kuni DeepSeek ilovasini blokladi va kompaniyalarga ma’lumotlarni himoya qilish masalalari bo‘yicha o‘z fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashni to‘xtatishni buyurdi. Kompaniya tez orada yangilangan va takomillashtirilgan DeepSeek R1 chatbotini ishlab chiqdi. Bu model, murakkab masalalarni hal qilishga mo‘ljallangan, ayniqsa matematika, dasturlash va ilmiy sohalarda yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan OpenAI ning O1 modelidan qolishmaydi va bundan bir necha barobar arzon hisoblanadi. Ushbu model O1 singari fikrlar zanjiri usulidan foydalanadi. Bu usulda muammo bosqichma-bosqich tahlil qilinadi. Ya’ni bir vaqtda yakuniy javobni emas, unga yetib borish yo‘lini tushuntiradi. DeepSeek R1 ayniqsa matematika va kodlashdagi murakkab masalalarni yechish qobiliyatiga ega ekanligi ko‘plab tadqiqotchilar va ekspertlar tomonidan maqullandi. Hatto OpenAI rahbari Sam Altman ham ushbu modelni maqtadi. Shuningdek, uning qobiliyati va yaratilish narxini hisobga olib uni hayratlanarli model deb hisobladi.


27-yanvarga kelib, DeepSeek-R1 AQShda iOS App Store patformasida eng ko‘p yuklab olingan bepul ilova bo‘ldi va Nvidia aksiyalarining 17% ga tushishiga sabab bo‘ldi. “Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, chip ishlab chiqaruvchi kompaniya bozor kapitallashuvi bo‘yicha dunyodagi eng qimmat kompaniya bo‘lgan, biroq dushanba kuni uning bozor qiymati 3,5 trillion dollardan 2,9 trillion dollargacha qisqarib, “Apple” va “Microsoft” dastur tizimlaridan keyin uchinchi o‘rinni egallagan. Ushbu SI poygasidan hayratlangan AQSH prezidenti D.Tramp bu holatlarni “Bizni uyg‘otish uchun chaqiriq” deb baholadi. Ya’ni “biz hozir harakat qilmasak texnologik poygada Xitoydan ortda qolib ketamiz” degan ma’noda aytgan. Silicon Valley asoschilari va homiylaridan biri bo‘lgan Marc Andreessen DeepSeek R1ni SIning “Sputnik moment” deb atadi. O‘zining ijtimoiy platformasidagi postida, Sovet Ittifoqi va AQSh o‘rtasida sovuq urush kosmik tadqiqot poygasini yo‘lga qo‘ygan 1957-yildagi sun’iy yo‘ldosh uchirilishiga ishora qildi. Ya’ni Sovet Ittifoqining birinchi sun’iy yo‘ldoshini uchirishi AQSHni keskin rag‘batlantirib, kosmik poygani tezlashtirgani kabi, DeepSeek hamAQSHni SI bo‘yicha harakatlarini kuchaytirishga majbur qilmoqda. DeepSeekni ChatGPT bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, DeepSeekSI DeepSeek kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va ochiq manba hisoblanadi. Bu esa tadqiqotchilar yoki ishlab chiqaruvchilar tomonidan erkin foydalanish imkoniyatini beradi. Shuning uchun ham ko‘plab mutahasislar qiziqishiga sabab bo’lmoqda. ChatGPT esa OpenAI tomonidan ishlab chiqilgan va Microsoft kompaniyasi tomonidan rivojlantirilgan. Shuningdek, ChatGPT yopiq manba hisoblanadi. DeepSeekning sun’iy intellekt modelini yaratishdagi muvaffaqiyati jahon bozoridagi ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi muvozanatni o‘zgartirishi mumkin va bu allaqachon AQShdan tashqaridagi ba’zi mamlakatlarni ilhomlantirdi, deb yozadi The Wall Street Journal. 


Fransiya hukumati vakillarining ta’kidlashicha, DeepSeek misoli shuni ko‘rsatadiki, samarali usullarga ega “moslashuvchan” kompaniyalar hali ham kamroq mablag‘ yoki chiplarga kirish imkoniyati cheklangan holda sun’iy intellekt poygasida raqobatlashishlari mumkin. Bu esa, nafaqat Xitoyda, balki Yevropa Ittifoqi va dunyoning boshqa mamlakatlarida ham Amerika texnologik gigantlariga yetib olish yoki ularga alternativ yaratish imkoniyati mavjudligini anglatadi. DeepSeekning muvaffaqiyati sun’iy intellekt sohasida yangi davrni boshlab beradi va global Sun’iy Intelekt poygasida yangi raqobatni keltirib chiqaradi. AQSh va Xitoy o‘rtasidagi texnologik raqobat dunyoning turli davlatlariga turlicha ta’sir qilmoqda. Ko‘plab davlatlar AQSh yoki Xitoy bilan texnologik hamkorlikni tanlashda majbur bo‘lib qolyapti. Ya’ni ba’zi davlatlar AQSh texnologiyalarini afzal ko‘rsa, boshqalarga esa Xitoyning arzon va rivojlanayotgan SI tizimlaridan foydalanish maqulbul ko’rilmoqda. Misol uchun, Rossiya SI va texnologik mustaqillikni ta’minlashga intilmoqda. Ammo AQShning Xitoyga nisbatan sanksiyalari tufayli Rossiya Xitoy bilan yaqin hamkorlik qilishga majbur bo‘lmoqda. Shuningdek, Rossiya va Xitoy sun’iy intellekt bo‘yicha strategik hamkorlikni rivojlantirib, AQShning texnologik ustunligiga qarshi yo‘llarni izlamoqda. Hindiston ham ushbu vaziyatdan foydalangan holda SI sohasida ham o’z pozitsiyasini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Bu borada AQSh bilan munosabatlarini mustahkamlab, texnologik hamkorlikni rivojlantirmoqda. Shunindek, Hindiston va AQSh 2030-yilga borib o‘zaro savdo hajmini 500 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirgan.

Xitoyning pozitsiyasi? 

Eng avvalo Xitoy texnologik mustaqillikka erishish, hamda AQSh va G‘arb davlatlarining SI bo‘yicha ustunligiga qarshi raqobatni kuchaytirish. Shunindek, Xitoy texnologik taqiqlarni va chet el texnologiyalariga bog‘liqligini kamaytirish maqsadida mahalliy SI tizimlarini rivojlantirishga katta e’tiboq qaratmoqda. Asosiysi sun’iy intellekt sohasida birinchi bo‘lishga intilish. Bu borada Xitoy 2017-yilda “Yangi avlod sun’iy intellektni rvojlanish rejasi” ni e’lon qilgan. Ushbu reja asosida 2030-yilga kelib dunyoda SI sohasida yetakchilik qilishni maqsad qilgan. DeepSeek kabi loyihalar bu rejaning amalga oshirilishida muhim rol o‘ynaydi.


Reja uch bosqichli strategiyani qamrab olgan. 

  1. 2020-yilga kelib global SI yetakchilari bilan tenglashish.
  2. 2025-yilga kelib SI sohasida yirik ilmiy-texnik yutuqlarga erishish. Tibbiyot, xavfsizlik va boshqa sohalarda SI ni tadbiq etish.
  3. 2030-yilga kelib, Xitoyning sun’iy intellekt nazariyalari, texnologiyalari va ilovalari dunyodagi yetakchi darajalarga erishish, SI innovatsion markaziga aylanish hamda xalqaro miqyosda yetakchi bo‘lish.

Ko‘rib turganimizdek Xitoy bu strategiyalarni birin-ketin amalga oshirib kelmoqda. 

Xulosa

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi texnologik raqobat so‘nggi yillarda keskinlashib, sun’iy intellekt sohasida strategik kurashga aylanmoqda. Xitoyning DeepSeek kompaniyasi ushbu jarayonning asosiy ishtirokchisiga aylandi. 2025-yilning boshida kompaniya ChatGPT bilan raqobatlasha oladigan SI modelini taqdim etdi, hamda AQSh texnologik kompaniyalari, jumladan, Microsoft va Google kabi kompaniyalarning bozor qiymatiga ta’sir ko‘rsatdi. DeepSeekning tez rivojlanishi Xitoyning texnologik mustaqillik sari harakatining bir qismi bo‘lib, mamlakat SI va texnologiyalar sohasida AQSh ustunligini cheklashga intilmoqda. 

Bu esa AQSh hukumati va kompaniyalarini Xitoy kompaniyalariga nisbatan yangi cheklovlar joriy etishga va mahalliy sun’iy intellekt tadqiqotlariga sarmoya kiritishga undamoqda. Texnologik raqobat global iqtisodiy tizimga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, AQShning Xitoy kompaniyalariga qo‘ygan eksport cheklovlari tufayli Xitoy mahalliy chip ishlab chiqarish hajmini oshirishga harakat qilmoqda. Boshqa tomondan, AQSh Hindiston kabi davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlab, texnologik yetakchiligini saqlab qolishga urinmoqda. Umuman olganda, DeepSeek kabi Xitoy texnologik kompaniyalarining rivojlanishi AQSh va Xitoy o‘rtasidagi texnologik raqobatni yanada jiddiy kuchayishiga olib keladi. Bu jarayon boshqa davlatlar uchun ham yangi imkoniyatlar, o’z navbatida turli murakkablik va qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.

JIDU
Maxsutaliyev Rovshanbek Rustamjon o‘g‘li