Tarix davomida global kuchlar o'z ta'sirini kengaytirishga intilib kelishgan, ammo hamisha bir savol barchani qiziqtirib kelgan: ular xalqaro munosabatlarda dominantlik qilish uchun qayerda o’z hukmronliklarini o’rnatishlari kerak? Yevroosiyoning markaziy qismi ustidan nazorat gegemonlik uchun asosiy kalitmi yoki haqiqiy kuch quruqlik va dengiz kuchlari to'qnashadigan qirg'oq mintaqalarida yotadimi? Ushbu asosiy munozara ikkita raqobatdosh geosiyosiy qarashlar - Xolford Makkinderning “Heartland” nazariyasi va Nikolas Spykmanning “Rimland” nazariyalariga asoslanadi. Har ikkala nazariya ham buyuk imperiyalar, “Sovuq urush” ning ishtirokchilari va zamonaviy milliy davlatlarning siyosatini shakllantirib, global hukmronlik uchun strategik qarashni taqdim etadi. Makkinder o'zining Heartland nazariyasida shunday ta'kidlagan: “Kim Sharqiy Yevropani boshqarsa, Heartlandni nazorat qiladi. Kim Heartlandni nazorat qilsa, Jahon orolini boshqaradi. Jahon orolini boshqaradiganlar esa, butun dunyoga hukmronlik qiladi."
Makkinderning so'zlariga ko'ra, Yevrosiyoning ulkan qismi, Heartland, tabiiy ravishda tog'lar, cho'llar va muz bilan qoplangan dengizlar kabi yirik geografik to'siqlar bilan mustahkamlangan. Bu turli yirik bosqinlarni qiyinlashtiradi va mudofaani ancha osonlashtiradi, bu esa uni boshqaradigan davlatning tashqi tomonga qarab o’z hududlarini kengaytirishiga imkon beradi. O’tgan asrlarda Rossiya imperiyasi va keyinroq Sovet Ittifoqi bu qarashni o'zida mujassam etgan va o’z strategik qudratini ta'minlash uchun Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada o'z nazoratini kuchaytirgan. Biroq, Spykman bu g'oyaga o'zining Rimlend nazariyasiga asoslangan xolda qarshi chiqdi va G'arbiy Yevropadan Yaqin Sharq orqali Sharqiy Osiyogacha cho'zilgan qirg'oq - Rimland global qudratga erishish uchun haqiqiy kalit ekanligini ta'kidladi. “Geografik jihatdan dunyoning ko’plab qismlaridan izolyatsiya qilingan Heartlanddan farqli o'laroq, Rimlend quruqlik va dengiz yo'llarini bog'lab, uni savdo, diplomatiya va harbiy ittifoqlar markaziga aylantiradi” deb ta’kidlaydi Spykman. Ushbu nuqtai nazar AQShning Sovuq Urushni to'xtatish uchun amalga oshirgan siyosatiga katta ta'sir ko'rsatdi, bu esa Yevropada NATO kabi yirik tashkilotning tashkil topishi va Osiyoda SEATO kabi bir qancha davlatlarni o’zida mujassam etgan yirik tashkilotning yuzaga kelishi, AQSHning Osiyoning muhim qirg’oqbo’yi hududlarida olib borgan siyosati va ushbu mintaqalarda ittifoqchilarining vujudga kelishi Sovet Ittifoqining Heartlanddan tashqarida o'z ta'sirini kengaytirishiga yo'l qo'ymadi.
Britaniyalik geograf Xelford Makkinder o‘zining 1904-yilda chop etilgan “The Geographical Pivot of History” nomli maqolasida o‘zining Heartland nazariyasini taqdim etdi, keyinchalik uni 1919-yilda chop etilgan “Democratic Ideals and Reality” kitobida yanada kengaytirdi. Makkinder geografiya global hukmronlikni belgilovchi eng muhim omillardan biri ekanligini va shunga asoslanib Sharqiy Yevropadan Markaziy Osiyo boʻylab va Sibirgacha choʻzilgan hududlar, “Heartland” butun dunyoni nazorat qilishning asosiy kaliti ekanligini taʼkidladi. Dengiz kuchiga bog'liq bo'lgan qirg'oq mintaqalaridan farqli o'laroq, Makkinder Heartlandni boshqaradigan yaxshi tashkil etilgan quruqlik kuchi deyarli yengilmas bo'lishiga ishongan. Misol uchun, Sovuq urush davrida Amerika tashqi siyosati Makkinderning Sovet Ittifoqining Heartlanddan kengayishi haqidagi ogohlantirishlariga qat’iy tarzda amalqildi. Trumen doktrinasi (1947) va NATOning tashkil etilishi (1949) Sovet Ittifoqining Sharqiy Yevropadan tashqariga o'z ta'sirini kengaytirishga yo'l qo'ymaslik uchun ishlab chiqilgan deb hisoblanadi. Makkinderning nazariyasi Amerika uchun ham shunchalik muhim ahamiyat kasb etardiki, amerikalik diplomat Jorj Kennan undan himoya strategiyasining asosi sifatida foydalangan va shunday deb ta’kidlagan: "Sovet Ittifoqining qudrati nafaqat uning harbiy kuchiga, balki Yevroosiyoning markazini nazorat qilishiga ham tayanadi, agar nazorat Rossiya nazorat qilinmasa, uning kuch qudrati yengilmas bo’ladi”
Shuningdek, Makkinder “Heartland” tabiiy geografik mudofaa bilan himoyalangan "tabiiy qal'a" ekanligi bir necha bor ta’kidlab o’tadi. U shimolda Shimoliy Muz okeani, janubda Himolay va sharqda keng cho'llar bilan o'ralgan edi. Bu to'siqlar ko’plab yirik davlatlarning mintaqaga kirib kelish imkoniyatini cheklab qo'yadi. Shuningdek, u o’zining “Democratik Ideals and Reality” asarida u Heartlandni birlashtirishda temir yo‘llarning ahamiyatini juda yuqori deb ta’kidlagan: "Transkontinental temir yo'llar endi quruqlikdagi kuchlar muvozanati sharoitlarini o'zgartirmoqda, shu sababli biz buni diqqat bilan o'rganib chiqishimiz kerak. Temir yo'llar xuddi kemalar kabi ishlashni boshladi va ular quruqlikdagi kuchni dengizdagi kema kabi ta’minlash imkonini bermoqda." U Heartlendni nazorat qiladigan mintaqaviy imperiya o'z qo'shinlarini temir yo'l tarmoqlaridan foydalangan holda tez va samarali harakatlantirishi mumkin, bu esa uni dengiz ustunligiga kamroq bog'liq bo'lishini ta’minlaydi. Masalan, ba’zigi olimlarning fikricha, bugungi kunda Xitoyning “Bir kamar, bir yo’l” loyihasi ham “Heartland” nazariyasiga asoslangan bo’lib, temiryol aloqa tizimlari orqali katta resurslarga ega chiqish va o’z ta'sirini kengaytirishga urinishdir. Shu sababli ham Markaziy Osiyo, Rossiya va Sharqiy Yevropa bo‘ylab temir yo‘llar, avtomobil yo‘llariva energiya quvurlarini qurish orqali Xitoy asosiy savdo yo‘llari va quruqlikdagi infratuzilma ustidan nazoratni kuchaytirmoqda. Bu to’g’risida Kaplan ham shunday deydi: "Xitoyning Markaziy Osiyoga kiritgan sarmoyalari Heartlandni nazorat qilish uzoq muddatli global ta'sir uchun zarur degan nazariyasini aks ettiradi". Makkinder “Heartland” nazariyasining ahamiyatini yuqori baholab, hukmronlikni ta’minlashda asosiy omil ekanligini ta'kidlagan bo'lsa, amerikalik siyosatshunos Nikolas Spykman bu fikrga qarshi chiqdi. Uning ta'kidlashicha, Rimland, Yevrosiyoni o'rab turgan muhim strategik qirg'oqbo’yi hududlar, global qudratning asosiy kaliti hisoblanadi. Rimland nazariyasi haqida u o'zining 1942-yilda "America’s Strategy in World Politics" kitobida ma’lumotlar berib o’tadi va "The Geography of the Peace" (1944) asarida yanada kengaytirildi. Uning fikricha, dengizga chiqish imkoni deyarli yo'q bo’lgan va resurslarga boy, lekin kirish borish nisbatan qiyin bo'lgan “Heartland” dan farqli ravishda, Rimland dinamik va strategik jihatdan muhim qirg'oq zonasi hisoblanadi.
Rimland deganda G'arbiy Evropa, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo va Sharqiy Osiyodan cho'zilgan Heartland bilan chegaradosh hududlar tushuniladi. U o’z qarashlarida Rimlandni hamisha kurash maydoni markazi bo’lib kelganini, barcha yirik davlatlar aynan Rimlandni egallash uchun harakat qilishini doimo ta’kidlab o’tadi. Misol uchun, Britaniya imperiyasining XIX asrda olib borgan mustamlakachilik siyosatidagi geografik zonalarning katta qismini Rimland tashkil qiladi, natijada deyarli barcha muhim savdo yo’llari ustidan nazorat imperiya vakillari qo’liga o’tadi va dengizda yakka hukmronga aylanib oladi. Shuningdek, AQSH ham Sovuq urush davomida SSSR ta’sirini kamaytirish, Heartlandning kengayishiga yo’l qo’ymaslik uchun Rimland davlatlaridan foydalangan, ushbu hududlarda o’z ta’sir doirasini kengaytirgan. Xozirga kelib esa, AQSH Tinch okeani mintaqasida joylashga Rimland mamlakatlarida o’z ta’sir doirasini kengaytirish borasida Xitoy bilan kurash olib bormoqda. Chunki, Qo’shma Shatlar vakillarining ta’kidlashicha Sharqiy osiyo mintasidagi Rimland ustidan nazorat o’rnatish, AQSH uchun butun mintaqa bo’ylab o’z ta’sirini o’tkazishni ta’minlaydi. Bu borada Spykman ham quyidagi fikrlarni bildirib o’tgan: “Rimlandni kim boshqarsa, Yevrosiyoni boshqaradi. Yevrosiyoni kim boshqarsa, butun dunyoni boshqaradi. "Heartland va Rimland o'rtasidagi kurash Makkinder va Spykman davri bilan tugab qolmagan, balki bugungi kunda ham davom etayotgan katta geosiyosiy o'yinga aylandi. Sovuq urush davri bu ikki strategik konsepsiya o'rtasidagi birinchi yirik qarama-qarshilikni belgilab berdi. Sovet Ittifoqi Makkinder nazariyasiga amal qilib, Sharqiy Yevropa vaMarkaziy Osiyoda oʻz oʻrnini mustahkamlash orqali Heartland ustidan nazoratni kuchaytirishga harakat qildi. Varshava shartnomasining imzolanishi, SSSRning Afg'onistonga bostirib kirishi va Sovet Ittifoqining Mo'g'uliston va Shimoliy Koreyadaga ta'sir ko’rsatishga harakat qilishi tashqi kuchlarning Heartland chegaralarini buzishiga yo'l qo'ymaslik uchun qilayotgan harakatlarini namoyish etdi, nafaqat namoyish etdi, balki SSSRni qudratli davlatga aylanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Biroq, Qo'shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Spykmanning Rimlend nazariyasini qabul qilib, asosiy dengiz mintaqalarining G'arb ta'siri ostida qolishini ta'minladilar.
1949 yilda NATOning tashkil topishi Amerikaning Koreya va Vetnamdagi ishtiroki bilan birgalikda Sovet Ittifoqining kengayishini to'xtatish uchun turli strategiyalarni aks ettirdi. Ko’pgina olimlarning ta’kidlashicha 1991-yilda SSSRning qulashi, Spykman bashorat qilganidek, Rimlendning muhimligini ko'rsatdi - kim uni boshqarsa, butun dunyoga hukmronlik qiladi. XXI asrda kurash yangi o'yinchilar va o'zgaruvchan strategiyalar bilan davom etmoqda. Xitoy, Makkinder yoki Spykmanning g'oyalariga qat'iy rioya qilish o'rniga, ikkalasining elementlarini o’zida birlashtirdi. Bir kamar, bir yo’l tashabbusi Makkinder qarashlarining zamonaviy versiyasi boʻlib xizmat qiladi, iqtisodiy taʼsir, infratuzilmani rivojlantirishva siyosiy hamkorlik orqali Yevrosiyo ustidan hukmronlik qilishga intiladi. Shu bilan birga, Xitoy Spykmanning asosiy dengiz yo'llarini nazorat qilish judamuhim degan mantig'iga amal qilib, dengiz sohasida ham faol raqobatlashmoqda. Janubiy Xitoy dengizi,muhim Rimlend hududi sifatida AQSH va Xitoy o’rtasida ta’sir kuchi uchun kurash maydoniga aylandi. Davom etayotgan AQSh-Xitoy raqobati, Rossiyaning harbiy harakatlari va mintaqaviy mojarolarning barchasi Heartland va Rimland o'rtasidagi abadiy kurashni aks ettiradi. Xuddi yuqori darajadagi shaxmat o'yini kabi, har bir harakat, NATOning kengayishi, Xitoyning dengiz maqsadlari yoki Rossiyaning geosiyosiy o'yinlari bo'ladimi, Yevrosiyo ustidan nazorat qilish uchun kattaroq kurashning bir qismi hisoblanadi. Makkinder va Spykman nazariyalari global qudrat dinamikasini shakllantirib, dunyoning yetakchi davlatlarining strategiyalarini belgilab beruvchi bir asr avval bo’lgani kabi bugungi kunda ham dolzarbligicha qolmoqda. Ammo, yakuniy savol hali ham javobsiz qolmoqda: kelajak Heartland, Rimland yoki ikkalasining yangi kombinatsiyasi asosida shakllanadimi?Ikki nazariyaning bir-biriga taqqoslanishi natijasida bir-biridan ustun jihatlari ham, kamchiliklari ham ko’zga tashlanadi va shu sababli ham shu vaqtga qadar qaysidir nazariyaning ustunligi to’g’risida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Masalan, Makkinderning Heartlandni dunyo hukmronligi uchun asosiy kalit sifatida ko'rishi, Rossiyaning Markaziy Osiyodagi strategik pozitsiyasi va Xitoyning "Bir kamar, bir yo'l" tashabbusida ko'rinib turganidek, hali ham o'z ahamiyatini yo'qotmaydi.
Biroq, Spykmanning Rimland dunyo taqdirini nazorat qiladi degan da'vosi ham o'z isbotini topdi, AQSh va uning ittifoqchilari strategik dengiz ustunligini va potentsial raqiblarni ushlab turish uchun iqtisodiy tarmoqlarni o’zlarida saqlab qolishdi. Boshqacha qilib aytganda, barcha davlatlar o’z geografik joylashuvidan foydalangan holda faoliyat yuritishadi. Masalan, dengizga chiqa olmaydigan davlatlar o’zida bor imkoniyatdan maksimall foydalanishga harakat qilishadi, chunki ularda Rimland uchun imkoniyat mavjud emas. Ammo bugungi kurash faqat hududiy ahamiyatdan ko'ra ko'proq faktorlarni nazarda tutadi. Kiber hukmronlik, moliyaviy urush va energetika siyosatining paydo bo'lishi ta'sir endi faqat geografiya bilan bog'liq emasligini isbotlaydi. Xitoyning turli infratuzilmalar orqali raqamli texnologiyalarni kengaytirishi, AQShning global moliyaviy tizimlar ustidan hukmronligi va Rossiyaning Yevropadagi energiya ta'minoti Mackinder va Spykmanning dastlabki nazariyalaridan tashqariga chiqishni anglatadi. Tan olish kerakki, Makkinderham, Spykmanning nazariyalari juda ishonchli va deyarli mukammal edi, ammo 21-asrdagi hokimiyat uchun kurashning bunday ko’p qirrali tabiatini oldindan ko'ra olishlari imkonsiz edi. Ushbu siyosiy shaxmat o'yinida nazorat endi faqat quruqlik yoki dengizni yo’llarini nazoratda ushlab turishdan iborat emas, balki bu savdo, texnologiya va axborot kurashida kim hukmronlik qilishi haqida bo’lib qolmoqda. Efirokratiyanazariyasini bunga yaqqol isbot qilib ko’rsatishimiz mumkin. Efirokratiya bu – davlatlarning kiber tizimlarda va koinotda bo’layotgan kurashlarini ifodalovchi yangi nazariyalarning biri hisoblanadi. Yuqorida ta’kidlanib o’tilganidek, endilikda davlatlar muhim strategik joylashuvda joylashmagan bo’lsa ham, katta ta’sur kuchiga ega bo’lishi mumkin, buning uchun hech qanday Rimland yoki Heartland shart emas. Bunga ular Efirokratiya orqali erishishlari mumkin, ya’ni suniy yo’ldosh yordamida tashkil qilinadigan kiberhujumlar, disinformatsiya va ijtimoiy tizimga aralushuvlar natijasida tartibsizliklar joriy qilishlar orqali.
Xulosa o’rnida aytish mumkinki, Heartland va Rimland nazariyalari butun XXI asrgacha bo’lgan davrda xalqaro munosabatlar tizimining asosini tashkil qilib kelgan, barcha yirik davlatlar ushbu nazariyalarga asoslangan yoki shu tizimlarga asoslangan davlatlarga ergashish orqali o’z siyosatlarini yuritishgan. XXI asrga kelib ham ushbu nazariyalar o’z ahamiyatini saqlab qolgan bo’lsada, ushbu asrdagi texnologik rivojlanishdagi muvaffqiyatlar yangi Efirokratiya kabi yangi nazariyalarning kurash maydoniga kirib kelishiga va asosiy o’rinlarni egallashiga sabab bo’lmoqda.
JIDU
Tilavoldiyev Sanjar Zafarjon o’g’li